Medvedev postsovet makonida norozilikka sabab bo‘lgan postiga munosabat bildirdi

Olam

image

Rossiya Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedevning “VKontakte” sahifasi rasmiy Moskvani Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi mamlakatlari bilan urishtirib qo‘yish uchun buzib kirilgan. Bu haqda Medvedevning o‘zi ijtimoiy tarmoqdagi sahifasi buzib kirilganiga munosabat bildirib, aytib o‘tdi.

“KXSHT, YeOII yoki SHHTdagi ittifoqchilarni qarama-qarshi qo‘yishdan manfaatdor ko‘plab dushman davlatlar va siyosatchilar bor. Biz ularga bunday zavqni bermaymiz. Mamlakatimizdagi barcha hokimiyat organlari va hamkorlarimizning faoliyati shunga qaratilgan”, deydi Medvedev.

U sahifasini buzganlar shu orqali Rossiya qasddan ittifoqchilariga jiddiy signal yuborayotgandek tasavvur uyg‘otishni maqsad qilganini ta’kidlagan.

Xavfsizlik Kengashi raisining o‘rinbosari bu uning ijtimoiy tarmoqlariga xakerlik hujumi bilan bog‘liq birinchi holat emasligini eslatib, hech kim bunday holatlardan himoyalanmaganini qo‘shimcha qilgan.

“Bir paytlar men Bosh vazir bo‘lganimda ham shunday hujumlarga duch kelganman. Bu biz hozir gapirgan axborot urushining ko‘rinishi. Yana bir bor tasdiqlashim mumkin: ijtimoiy tarmoq ma’muriyati va vakolatli xizmatlar o‘z tekshiruvlarini o‘tkazmoqda. Aybdorlar jazosiz qolmaydi”, degan Medvedev.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 2 avgust kuni Medvedevning “VKontakte” sahifasida Gruziya Rossiya tarkibiga qo‘shilishi kerakligi, Qozog‘iston “sun’iy davlat” ekani haqida post e’lon qilindi va oradan 10 daqiqa o‘tib, o‘chirildi. Postda Rossiyaning kelgusidagi bosqinchilik rejalari haqida so‘z borgan.

Keyinroq Medvedevning vakili uning sahifasiga buzib kirilganini ma’lum qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Dmitriy Medvedev

Baholaganlar

330

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing