Sulh Eron uchun muvaffaqiyat – Medvedev
Olam
−
08 aprel 8188 2 daqiqa
Rossiya Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedev AQSH Prezidenti Donald Trampning 10 banddan iborat rejani muhokama qilishga rozilik berganining o‘zi Eron uchun muvaffaqiyat ekanini aytdi. Bu haqda u o‘zining Telegram-kanalida yozib qoldirdi.
“Trampning 10 bandlik rejani muhokama qilishga rozi bo‘lganining o‘zi – eronliklarning yutug‘i. Muammo shundaki, Vashington bunga ko‘nadimi: axir u yerda Eronga yetkazilgan zararni qoplash, yadroviy dasturni davom ettirish va Tehronning Hormuz bo‘g‘ozi ustidan nazorati masalalari bor”, deb yozdi siyosatchi.
Kecha, 7 aprel kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp Eron bilan ikki haftalik o‘zaro o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha sulhga erishilganini e’lon qildi. Amerika yetakchisining aniqlik kiritishicha, ushbu qaror Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharifning taklifi hamda “Eron Islom Respublikasining Hormuz bo‘g‘ozini to‘liq, zudlik bilan va xavfsiz tarzda ochishga tayyorligi” inobatga olingan holda qabul qilingan. Eron davlat televideniyesining xabar berishicha, Tehron o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha 10 ta shartni ilgari surgan va AQSH “ularga rozi bo‘lishga majbur bo‘lgan”. Ular orasida hujum qilmaslik tamoyili, Tehronning Hormuz bo‘g‘ozi ustidan nazorati, Eron hududida uranni boyitish, asosiy va ikkilamchi sanksiyalarni bekor qilish, tovon puli to‘lash, Amerika kuchlarini mintaqadan olib chiqib ketish kabi shartlar bor. Sharif Eron va AQSH delegatsiyalarini “barcha nizolarni hal qilish bo‘yicha yakuniy kelishuvga erishish” uchun 10 aprel kuni Islomobodga muzokaralar stoliga taklif qildi. CNN telekanali xabariga ko‘ra, Amerika delegatsiyasi tarkibidan vitse-prezident Jey Di Vens, prezidentning maxsus elchisi Stiv Uitkoff va Trampning kuyovi Jared Kushner o‘rin oladi.
Live
Barchasi