Medvedev G‘arb davlatlari rahbarlarini Moskvadagi teraktga sheriklikda aybladi
Olam
−
08 aprel
6711Rossiya Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedev AQSH, Buyuk Britaniya, Fransiya va Germaniya rahbarlarini 100 dan ortiq odamning hayotiga zomin bo‘lgan Moskva viloyatidagi “Krokus Siti Holl”da sodir etilgan teraktning ortida turganlarning sheriki ekanini aytdi. Bu haqda u X’dagi sahifasida yozdi.
“Hurmatli AQSH va Yevropa davlatlari rahbarlari! Kiyevda va’da qilingan million rubl haqida gapirgan va u yerga borish uchun Rossiya-Ukraina chegarasidan o‘tishlari kerak bo‘lgan terrorchilarning bayonotlari sizga yetarli emasmi? Demak, teraktga ISHID buyurtma bergan, to‘g‘rimi?”, deb yozgan u.
Medvedevning aytishicha, Moskva viloyatidagi teraktning haqiqiy mijozlari "ukrain banderachilari"dir.
“Ushbu qotillikning sheriklari sizlar, Bayden, Makron, Sunak, Shols va boshqa yordamchilar”, deya xulosa qildi Rossiya Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari.
Ma’lumot uchun, “Krokus Siti Holl”dagi terakt 22 mart kuni sodir bo‘lgan. Qurollangan odamlar binoga bostirib kirib, tashrif buyuruvchilarga qarata o‘t ochgan, so‘ng binoga o‘t qo‘yib, qochib ketgan. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, terakt oqibatida 145 kishi halok bo‘lgan, ulardan olti nafari bolalar. 550 dan ortiq kishi jarohatlangan.
Tergov doirasida o‘ndan ortiq gumondor qo‘lga olindi, jumladan, huquq-tartibot organlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri aybdor deb hisoblagan to‘rt kishi: Tojikiston fuqarolari Fayzov, Mirzoyev, Rachabalizoda va Shamsidin Fariduniyni hibsga oldi.
Hujum uchun javobgarlikni ISHID terrorchilik tashkiloti o‘z zimmasiga oldi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq terakt uyushtirishda ayblanayotganlar o‘zlarining koordinatori Sayfullo ismli shaxs ekanini aytgandi.
Madina Otaboyeva
LiveBarchasi