Media mahsulotlarini “ma’naviy ekspertiza”dan o‘tkazish to‘g‘risidagi qaror bekor qilindi 

Jamiyat

image

Media mahsulotlarini “ma’naviy ekspertiza”dan o‘tkazishni joriy etish to‘g‘risidagi qaror ushbu hujjatni qabul qilgan organlar tomonidan bekor qilindi va ijrodan chaqirib olindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, Adliya vazirligi tomonidan mazkur masala o‘rganilganda unda jismoniy va yuridik shaxslarning huquq va qonuniy manfaatlariga daxl qiluvchi umummajburiy kuchga ega bo‘lgan huquqiy normalar belgilangani aniqlandi. Amaldagi qonunchilikka muvofiq vazirlik va idoralarning shunday turdagi huquqiy hujjatlari Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi lozim.

Davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagan bu turdagi hujjatlar tegishli ijtimoiy munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solish uchun asos bo‘lib xizmat qilishi mumkin emas hamda huquqiy oqibatlarga olib kelmaydi.

Shu bois, media mahsulotlarini “ma’naviy ekspertiza”dan o‘tkazishni joriy etish to‘g‘risidagi qaror ushbu hujjatni qabul qilgan organlar tomonidan bekor qilinganligi va ijrodan chaqirib olinganligi ma’lum qilindi.

Shu bilan birga, Ma’naviyat va ma’rifat markazi mutaxassislari tomonidan turli manbalarda tarqatilgan media mahsulotlarning amaldagi qonunchilikka zidligi aniqlangan taqdirda ularni bartaraf etish yuzasidan tahliliy fikrlar tarzida vakolatli organlarga belgilangan tartibda taklif kiritib borish maqsadga muvofiqligi haqida tavsiyalar berilgan.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan oyda Ma’naviyat va ma’rifat markazi direktori Otabek Hasanov endilikda O‘zbekistonda media mahsulotlar axloqsizlikni targ‘ib qilmasligi uchun “ma’naviy ekspertiza”dan o‘tkazilishini ma’lum qilgandi. Shundan so‘ng ijtimoiy tarmoqlarda “Ma’naviyat ekspertizasi” loyihasi yo‘lga qo‘yilayotgani faol jamoatchilik vakillari tomonidan muhokama qilindi va ayrim e’tirozlarga sabab bo‘ldi. Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi mazkur loyiha bolalar tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi va o‘sib kelayotgan avlodning ongiga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan media mahsulotlar tarqatilishini oldini olishga qaratilganini bildirdi.

Ma’rufaliyeva Mohimbegim


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

ma'naviy ekspertiza Media mahsulotlar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing