Me’morlar Notr-Dam de Pari tomida meva va sabzavot yetishtirmoqchi
Olam
−
12 may 2019
5174Bir guruh fransuz arxitektorlarining loyihasiga ko‘ra ibodatxona tomini oynavand bo‘lishi va unda bog‘ barpo etish mo‘ljallangan.
Ushbu g‘oya muallifi Vincent Callebaut Architectures byurosi sobor tomi va minorasi oynavand bo‘lishi, ta’mirlashda esa eman va uglerod tolasidan foydalanishni taklif etmoqda.
Notr-Dam-de-Pari ibodatxonasi tomi bu g‘oya sabab doimo yorug‘ va energiya tejamkor bo‘libgina qolmay, o‘zini-o‘zi isitadi va elektr bilan ta’minlay oladi, deyiladi maqolada.
Loyihaga ko‘ra, soborning ustiga o‘rnatiladigan oynali karkas uglerod, vodorod, azot va kisloroddan iborat bo‘lib quyosh nurini o‘ziga shimadi va uni elektr energiyaga aylantiradi. Bu energiya sabor bo‘ylab tarqaladi, deyiladi VCA fransuz arxitektura byurosi saytida.
Shuningdek, me’morlar parnik effekti sodir bo‘lmasligi uchun shisha qoplamali ochiladigan plitalar orqali havo almashuv tizimini barpo etishni rejalashtirmoqda.
Loyiha Palingenesis deb nomlanib, bu so‘z grekchada “qayta tug‘ilish”, “yangilanish” degan ma’noni bildiradi. Ushbu loyiha amalga oshiriladigan bo‘lsa, bu yerda nafaqat mustaqil energiya ta’minoti yaratiladi, balki har yili har xil turdagi 21 tonna meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirish imkoni yaratiladi.
Loyiha mualliflarining aytishicha, ushbu bog‘da yetishtirilgan meva va sabzavotlar tashrif buyuruvchi sayyohlarga sotiladi. Bu esa moddiy jihatdan ham o‘ziga xos yechim hisoblanadi.
Avval xabar qilganimizdek, 15 aprel kuni Parijdagi Notr-Dam de Pari ibodatxonasi yirik yong‘in natijasida yonib ketdi. 15 soat alanga ichida qolgan sobor Bibi Maryam ibodatxonasining tom qismi butunlay yonib ketgan edi.