Mehribon Aliyeva Isroil-Falastin urushida Ozarbayjon kim tomondaligini aytdi

Olam

Zamonaviy davrda harbiy mojarolarning hal etilmagani ko‘p jihatdan xalqaro huquqning tanlab qo‘llanilishi, ikki tomonlama standartlar bilan bog‘liq. Bu haqda Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevning rafiqasi – mamlakat birinchi vitse-prezidenti Mehribon Aliyeva kecha, 15 noyabr kuni Istanbul shahrida Turkiyaning Birinchi xonimi Emina Erdo‘g‘an tomonidan tashkil etilgan “Falastin uchun yagona yurak” sammitiga yo‘llagan videomurojaatida aytib o‘tdi. 

U so‘zi avvalida Turkiya Birinchi xonimi Emina Erdo‘g‘anga ushbu tadbirga taklif etgani uchun minnatdorlik bildirdi. 

“Emina xonimning gumanitar va ijtimoiy sohalardagi faoliyatini, jumladan, harbiy mojarolardan aziyat chekayotgan tinch aholi, ayollar va bolalarga yordam ko‘rsatishga qo‘shgan hissasini alohida qayd etaman va yuksak qadrlayman. Bu yil tashkil topganining 100 yilligini nishonlayotgan Turkiya Respublikasi barcha sohalarda muhim yutuqlarga erishgan, xalqaro maydonda katta obro‘-e’tiborga ega qudratli davlatdir”, deydi Mehribon Aliyeva. 

Uning qayd etishicha, doim tinchlik va adolat tarafida bo‘lgan qardosh Turkiya mintaqa va dunyoda barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlashga muhim hissa qo‘shmoqda. Ozarbayjon-Turkiya qardoshligi va birligi bugun eng yuqori darajada. 

Ozarbayjon Birinchi xonimi Falastin-Isroil masalasiga to‘xtalarkan, to‘qnashuvlarda ayollar va bolalar jabr ko‘rayotgani, qurbon bo‘layotgani, ayniqsa, achinarli ekanini urg‘uladi. 

“Falastin-Isroil mojaro hududida kundan-kunga kuchayib borayotgan keskinlik, bundan ham kattaroq insoniyat fojiasiga sabab bo‘layotgani jiddiy tashvish uyg‘otmoqda. Yuragimiz og‘rig‘i bilan guvohi bo‘layotgan chidab bo‘lmas insoniy azob-uqubatlardan har birimiz chuqur hayratdamiz. Bu qurolli qarama-qarshilikdan eng ko‘p jabr ko‘rayotgan odamlar tinch aholi, ayniqsa, ayollar va bolalar ekani nihoyatda achinarli. Harbiy operatsiyalarni amalga oshirishda xalqaro gumanitar huquqqa rioya qilish kerak. Halok bo‘lganlarning yaqinlariga hamdardlik bildiraman va jarohatlanganlarning tezroq sog‘ayib ketishini tilayman”, deydi Prezidentning rafiqasi. 

Uning qayd etishicha, Ozarbayjon jangovar harakatlarni zudlik bilan to‘xtatish chaqiriqlarini qo‘llab-quvvatlaydi va oktyabr oyida BMT Bosh Assambleyasi tomonidan keskinlikni bartaraf etish bo‘yicha qabul qilingan rezolyutsiyani yoqlab ovoz berdi.  

“Mamlakatimiz Falastin-Isroil mojarosini xalqaro huquq va BMTning tegishli rezolyutsiyalari asosida “ikki davlat” tamoyili asosida hal etish tarafdori. 2019 yildan beri Qo‘shilmaslik Harakatiga raisligimiz davomida biz doimo Falastin masalasiga e’tibor qaratib kelganmiz. Joriy yilda Ramalloh shahrida mamlakatimiz vakolatxonasining ishga tushirilishi Ozarbayjon-Falastin munosabatlarining rivojlanishiga turtki bo‘lishiga ishonaman”, deydi Ozarbayjon birinchi vitse-prezidenti. 

U o‘tgan o‘n yil ichida Baku BMTning Yaqin Sharqdagi Falastinlik qochqinlarga yordam ko‘rsatish va ishlash agentligi orqali bir necha bor insonparvarlik va moliyaviy yordam ko‘rsatganini eslatdi. Shu bilan birga, Ozarbayjonda Falastinga siyosiy va moliyaviy yordam jalb qilish maqsadida qator xalqaro tadbirlar o‘tkazilgan. 

“Ular orasida men Falastin davlatiga yordam ko‘rsatish bo‘yicha Islom moliyaviy xavfsizlik tarmog‘ining ta’sis konferensiyasini va Quddus shahrini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Donorlar konferensiyasini alohida ta’kidlamoqchiman. Falastinlik yoshlar Ozarbayjon davlati tomonidan ajratilgan stipendiyalar asosida mamlakatimizda oliy ta’lim oladi. Ozarbayjon Falastinda quradigan maktab Falastin xalqini qo‘llab-quvvatlashimizning yana bir ko‘rinishi bo‘ladi”, deydi u. 

Mehribon Aliyevaga ko‘ra, vakolatli xalqaro institutlar duch kelayotgan hozirgi inqiroz muhim masalalarni hal etishga to‘sqinlik qilmoqda. Chuqur ildizlarga ega bu inqiroz yana bir muhokama mavzusi. 

“Shuni ta’kidlashni istardimki, zamonaviy davrda harbiy mojarolarning hal etilmaganligi ko‘p jihatdan xalqaro huquqning tanlab qo‘llanilishi bilan bog‘liq. Ikki tomonlama standartlar va noxolis yondashuvlar inqirozning yanada kuchayishiga sharoit yaratadi”, deydi Mehribon Aliyeva. 

U ommaviy fikrni chalg‘itish va xalqaro huquqni manipulyatsiya qilish uchun noxolis media platformalari orqali yolg‘on xabarlar tarqatilayotganini ham ko‘zdan qochirmadi. Bildirishicha, manipulyatsiya maqsadida axloqiy qadriyatlarni suiiste’mol qilish holatlari yanada xavfliroqdir. Aliyeva bu masalaga to‘xtalarkan, Ozarbayjonning Qorabog‘ viloyatini Armaniston 30 yil davomida bosqinchilik va kuch bilan egallab kelgani, xalqa maydonda esa bunga panja ortidan qaralganini aytdi. 

“Armanistonning Ozarbayjonga qarshi 30 yillik tajovuzi oqibatida hududlarimiz bosib olindi, bir millionga yaqin vatandoshimiz o‘z ota-bobolari zaminidan quvg‘in qilindi, 300 dan ortiq shahar va qishloqlar vayron bo‘ldi, diniy-madaniy merosimiz vayron qilindi. Bir paytlar bosib olingan yerlarimizdagi 67 ta masjiddan 65 tasi butunlay vayron bo‘lgan. 

1993 yilda BMT Xavfsizlik Kengashi tomonidan qabul qilingan 4 ta rezolyutsiya 27 yil davomida qog‘ozda qolib ketganini afsus bilan qayd etmoqchiman. 2020 yilgi 44 kunlik Vatan urushi davrida Ozarbayjonning o‘zi o‘z yerlarini ishg‘oldan ozod qildi va joriy yilning sentyabr oyida o‘tkazilgan aksilterror operatsiyasi natijasida o‘z suverenitetini to‘liq tikladi, Armaniston qurolli kuchlari qoldiqlari va separatizmga chek qo‘ydi”, deydi birinchi xonim.

U so‘zlariga xulosa qilarkan, insoniyat eng og‘ir damlarda ham mehr-oqibat tuyg‘usini yo‘qotmasligi kerakligi xotirlatib, tadbirni tashkil etgani uchun Turkiya Birinchi xonimi Emina Erdo‘g‘anga minnatdorlik bildirdi. 

Eslatib o‘tamiz, Istanbulda bo‘lib o‘tgan sammitda Qatar amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniyning onasi Shayxa Moza bint Nosir, Senegal Prezidenti Maki Saning rafiqasi Mariyeme Faye Sall, Malayziya qirolichasi Tunku Aziza Aminah Maymunah Iskandariya, O‘zbekiston Prezidentining rafiqasi Ziroat Mirziyoyeva, Kongo Respublikasi Prezidentining rafiqasi Antuanetta Sassu-Ngesso, Bangladesh Prezidentining rafiqasi Rebeka Sultona, Bosniya i Gersegovina Prezidentlik kengashining xorvat a’zosi Jelko Komshichning rafiqasi Sabina Komshich, Livan Bosh vazirining rafiqasi May Mikati, Shotlandiya mintaqaviy bosh vaziri Hamza Yusufning rafiqasi Nadiya Al-Nakla, Liviya Bosh vaziri Abdulhamid Dibeybening rafiqasi Omina Ali Muhammad Al-Shavush Al-Dilaviy, Falastin maxsus vakili Ferial Kamel Abdalrahmon Salim, Birlashgan Arab Amirliklari Tashqi ishlar vaziri Abdulla bin Zoid an-Nahyonning rafiqasi Shayxa Alyazia bint Saif Al Nahayon, Misr rejalashtirish va iqtisodiy rivojlanish vaziri Hala Alsaid va turkmanistonlik diplomat Chinor Rustamova ishtirok etdi. 


Maqola muallifi

Teglar

Emina Erdo'g'an Mehribon Alieva Falastin uchun yagona yurak

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing