MDHmi yoki SSSR?
Olam
−
16 Oktabr 2023
23129Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga rus tilini millatlararo muloqot tili sifatida tan olishga ko‘ndirgan Rossiya, Bishkekka kelib o‘z dardini dasturxon qilib ketgan Putin, uning qarorlarini hech qanday shaksiz qo‘llab-quvvatlaydigan Belarus fuqarosi Lukashenko, yana mukofotlar bilan taqdirlangan Markaziy Osiyo prezidentlari, beshbarmoq, bo‘qirsoq, qovoq bilan mehmonlarini to‘ydirib jo‘natgan Qirg‘iziston...
Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) Davlat rahbarlari kengashining 13 oktyabr kuni Bishkek shahrida bo‘lib o‘tgan sammiti haqidagi QALAMPIR.UZ’ning maxsus sharxi tayyor. Agar siz ham eshitishga tayyor bo‘lsangiz, unda biz boshladik.
Hozirda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH)ga 9 davlatni – Armaniston, Ozarbayjon, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Moldova, Rossiya, Tojikiston va O‘zbekistonni o‘z ichiga qamrab oladi. Ammo bunda Turkmaniston kuzatuvchi davlat sifatida ishtirok etadi.
13 oktyabr kunlari Qirg‘iziston poytaxti Bishkek shahrida bo‘lib o‘tgan sammitga eng birinchi bo‘lib Rossiyadan vakillar keldi. Bortida Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bo‘lgan samolyot 11 oktyabr tunidayoq “Manas” aeroportiga qo‘ngan.
Ertasi kuni, ya’ni 12 oktyabr erta tongida esa Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ham MDH davlatlari rahbarlari bilan uchrashish uchun Qirg‘izistonga yetib keldi. Uni esa aeroportda Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi rahbari Oqilbek Japarov hech qanday milliy kiyimdagi qizlarsiz, non-tuzsiz kutib oldi. Shu va boshqa Prezidentlar tashrifidan farqli o‘laroq Prezident Putinga keltirilgan samolyot trapining maksimal darajada yopilgani, uning xavfsizligi nechog‘lik qo‘riqlanganidan dalolat. Hatto, do‘stona bo‘lgan mamlakatda ham.
Ha aytgancha, bu Putinning 2023 yildagi xorijga birinchi safaridir. U Qirg‘izistonga ikki kunlik rasmiy tashrif mo‘ljallab kelgan. Bu ikki kun davomida esa Rossiya rahbari MDH davlatlari rahbarlari kengashi majlisida ishtirok etishi va bir qator ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazishga ulgurishi kerak. Putin Oqilbek Japarov bilan ko‘risha sola o‘zidan avval Bishkekka yetib kelgan qadrdon Aurus rusumli zirhli mashinasiga o‘tirdi-yu ravona bo‘ldi.
Bu yoqda esa MDH Tashqi ishlar vazirlari kengashining yig‘ilishi allaqachon boshlanib bo‘lgandi.
Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi rahbari Jeenbek Kuluboyev raisligida o‘tkazilayotgan yig‘ilishda Ozarbayjon Tashqi ishlar vaziri Jayhun Bayramov, Armaniston Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Mnatsakan Safaryan, Belarus Tashqi ishlar vaziri Sergey Aleynik, Qozog‘iston Tashqi ishlar vaziri Murat Nurtleu, Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov, Tojikiston Tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muhriddin, Turkmaniston Tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov, O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov ishtirok etdi. Mazkur uchrashuvda tomonlar 13 oktyabr kuni Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov boshchiligidagi MDH Davlat rahbarlari kengashining Bishkek shahrida bo‘lib o‘tadigan majlisiga tayyorgarlik ko‘rish masalalarini ko‘rib chiqdi. Shuningdek, vazirlar MDH doirasidagi hamkorlikning dolzarb masalalari yuzasidan ham fikr almashdilar.
Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov MDH davlatlari Isroil-Falastin mojarosiga imkon qadar tezroq chek qo‘yishi kerak, degan fikrda.
“Bugun [Tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishida] biz ushbu mavzuga to‘xtaldik. Bu mojaroni zudlik bilan to‘xtatish, xalqaro gumanitar qonunlarga rioya qilish, har ikki tomonning ko‘p sonli tinch aholi vakillari jabr ko‘rayotgan terrorchilik ko‘rinishlariga yoki kuch ishlatishga yo‘l qo‘ymaslik zarurligi haqida hamma birdek fikrda. Kecha Putin aytganidek, muammoning mohiyatiga e’tibor qaratishimiz kerak. Bir necha o‘n yillar davomida BMTning Falastin davlatini yaratish qarorlari sabotaj qilingan. Avvalo, vositachilik sa’y-harakatlarini tortib olmoqchi bo‘lgan Qo‘shma Shtatlar Rossiya, BMT, Yevropa Ittifoqini chetga surib, xalqaro vositachilar ishiga putur yetkazmoqda. Biz haqiqatan ham umid qilamizki, bu mojaro tugagach, hamma BMT Xavfsizlik Kengashining Falastin davlatini yaratish to‘g‘risidagi qarorlarini amalga oshirish mas’uliyatini jiddiy qabul qiladi”, degan Lavrov.
“Ala-Archa” qarorgohiga Vladimir Putinnining korteji yetib keldi. Qarorgohda Putinni rasmiy kutib olish marosimi o‘tkazildi, davlat rahbarlari qizil gilamdan yurib borar ekan Putin Japarovning qulog‘iga bir nimalarni pichirladi. Rossiya rahbari yarim yo‘lda to‘xtab, askarlarga salom berdi.
Davlat rahbarlari kun tartibidagi ikki va ko‘p tomonlama masalalarni, o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirishni muhokama qilishi kerak.
Vladimir Putin “Ata-Beyit” majmuasiga borib, Urkun qurbonlari xotirasiga gulchambar qo‘ydi. Unga Prezident Sadir Japarov va Madaniyat vaziri Oltinbek Maqsutov sherik bo‘ldi.
Shundan so‘ng, ular bir mashinaga o‘tirib davlat qarorgohiga qaytib keldi. Japarovning aytishicha, Vladimir Putinning tashrifi katta ramziy ahamiyatga ega. Chunki bu “Kant” aviabazasining 20 yilligi va Qirg‘iziston-Rossiya Slavyan universitetining 30 yilligiga to‘g‘ri keladi.
“Bunday taniqli tadbirlar ikki tomonlama munosabatlarimiz ramzidir. Biz Qirg‘iziston-Rossiya strategik sheriklik va ittifoqchilikni yuksak qadrlaymiz”, dedi Prezident.
Maqtovni endi Putin davom ettirdi. U Qirg‘izistonga kelganidan juda xursand ekanini, ular bu sayohat haqida anchadan beri gaplashib kelganini eslatdi.
“Rossiya Qirg‘iziston iqtisodiyotiga asosiy sarmoyador hisoblanadi. Xorijiy sarmoyaning 36 foizi Rossiya kapitaliga to‘g‘ri keladi. Respublikada Rossiya tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan 800 ta korxona bor”, dedi Putin.
Bu o‘rtada Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarovni “Shon-sharaf” ordeni bilan mukofotlash to‘g‘risidagi farmoni chiqib qoldi.
Putin Markaziy Osiyo Prezidentlarining ko‘nglini ovlashni uddaladi. Shundan so‘ng har ikki davlat rahbarlari Kantdagi Rossiya aviabazasi yaratilish tarixi, uning ahamiyati haqida gapirdi. Vladimir Putinning aytishicha, bugungi kunda aviabaza mintaqada katta ahamiyatga ega.
“Respublika rahbariyati biz bilan bevosita bog‘lanib, tezroq aviatsiya bo‘linmasini joylashtirishimizni so‘radi. “Qirg‘izistonga jinoiy guruhlar hujum qilgani uchun ko‘plab odamlar jarohatlandi, zudlik bilan birgalikda qaror qabul qilishni talab qiladigan vaziyat yuzaga keldi”, dedi Rossiya rahbari.
Japarovning fikricha, Kantdagi Rossiya aviabazasi butun Markaziy Osiyoda barqarorlik va xavfsizlik kafolati ekan.
Hozircha Putin mavzusini to‘xtatib turaylik. Chunki buyoqda Bishkekka Aliyev yetib keldi. Ozarbayjon Prezidentini ham aeroportda Oqilbek Japarov qarshi oldi. Ammo Putindan farqli ravishda unga gullar berildi, bo‘g‘irsoq va asaldan tatib ko‘rish so‘raldi. 12 oktyabr kechga dovur Belarus rezidenti Aleksandr Lukashenko ham xuddi shunday kutib olindi.
Buyoqda esa Sadir Japarov Putin uchun norasmiy dastuxon yozgandi. Davlat rahbarlari delegatsiyalar ishtirokida muzokaralar o‘tkazib, ikki tomonlama hujjatlar imzolanganidan so‘ng “Ala-Archa” davlat qarorgohida bo‘lib o‘tgan ziyofatda qo‘zichoq go‘shtidan sho‘rva, kichik somsachalar, tunets va avakadoli salat kabi tansiq taomlar tortilgan. Shu kunning o‘zida Vladimir Putin Bishkekda Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev bilan uchrashdi.
“Birinchi raqamli masala - Qorabog‘ atrofidagi vaziyat”, dedi RF rahbari suhbat boshida.
Vanihoyat, 13 oktyabr MDH davlatlari rahbarlarining sammiti bo‘ladigan asosiy kunning erta tonggidan birin-ketin boshqa mamlakat rahbarlari yetib kela boshladi. Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhammedov, Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon, kunning uchinchi mehmoni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, undan so‘ng esa Qozog‘iston rahbari Qosim-Jomart To‘qayev samolyotlari Manas aeroportiga qo‘ndi. Ularning barchasini esa Oqilbek Japarov tomonidan kutib olindi. Hali ular Japarov va Putin bilan alohida-alohida uchrashib olishi ham kerak.
Masalan Sadir Japarov Imomali Rahmon qirg‘iz-tojik chegarasini delimitatsiya va demarkatsiya qilish masalalarini muhokama qildi. Shuningdek, alohida uchrashuv davomida do‘stona qo‘shnichilikni mustahkamlash maqsadida siyosiy muloqotni davom ettirish muhimligi qayd etildi.
Shundan so‘ng, “Ala-Archa” qarorgohida MDH davlat rahbarlarining sammiti boshlandi. Bu yil Qirg‘iziston raislik qilayotgan mazkur tashkilot sammitiga birinchi bo‘lib Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev keldi. Prezident Sadir Japarov uni kutib oldi. Aliyev ortidan boshqa davlatlar rahbarlari kongress zaliga alifbo tartibida kirib kela boshladi. Sammit boshlandi.
Qizig‘i, sammitda muhim va xavfli signallar berilgandek, go‘yo. Mana masalan, sammit boshlanishi bilanoq Belarusdan Lukashenko MDH nima uchun yaratilganini to‘satdan eslatib qoldi.
“Maqsad SSSR parchalanganidan keyin aloqalar uzilishining oldini olish edi. Bu bizning raqobatchilarimizga, G‘arbga yoqmadi va bugungi kunga qadar bizni turli yo‘nalishlarda oyog‘imizdan chalishga urinishlardan voz kechmaydi, Ular bizni zaiflashtirib, o‘z manfaatlariga bo‘ysundiradi”, dedi Lukashenko.
Vladimir Putin esa uning gapini davom ettirib, MDHga qo‘shilgan Gruziya va Ukraina bu formatda ishlamagani, Moldova esa o‘zligini yo‘qotganini aytdi. Xo‘sh, Putin nimani nazarda tutmoqda? Rossiya formatinimi?
“Lekin bu ularning tanlovi, mamlakat rahbariyati. Agar ular buni xohlasalar, ularni hech kim to‘xtata olmaydi. Albatta, xalqidan tashqari”, dedi Rossiya Prezidenti.
Qolaversa u MDH davlatlari o‘rtasidagi hisob-kitoblarda milliy valyutadan foydalanishni kengaytirishga chaqirib, Rossiya MDH davlatlarining oziq-ovqatga bo‘lgan ehtiyojini qondirishini aytib qoldi.
“O‘tgan yilgidek, biz kamida 50-60 million tonna ekin eksport qilamiz. MDH mamlakatlaridagi do‘stlarimiz va hamkasblarimizning ehtiyojlari borligini bilaman. Hammasi qondiriladi”, dedi Putin kichik formatdagi yig‘ilishda.
Qisqa qilib aytganda u o‘zini SSSR rahbaridek tutdi, deyish mumkin.
“Umid qilamanki, bizning mamlakatlarimizda hech qachon bunday narsa bo‘lmaydi. [...] Yoshlar Sovet Ittifoqi davrida mamlakatlarimiz erishgan yutuqlar haqida haqiqatni bilishlari kerak, biz tarixni buzib ko‘rsatishga yo‘l qo‘ymasligimiz kerak”, deydi u.
Ha, u yana AQSHdan nolishni ham unutmadi. Vladimir Putinning aytishicha, Isroil va Falastin xalqi boshdan kechirayotgan falokat AQSHning Yaqin Sharqdagi muvaffaqiyatsiz siyosati natijasidir. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSH Yevropadan yo‘ldoshlar ko‘magida Yaqin Sharqdagi tartibga solish huquqini monopoliyaga olishga uringan. Rossiya Federatsiyasi rahbari amerikaliklarning biryoqlama siyosati vaziyatni boshi berk ko‘chaga olib kelganini aytdi.
“Ular Rossiyaning barcha sheriklariga, jumladan, MDH davlatlariga ham bosim o‘tkazish va tahdid solishga urinmoqda. Kimdir qanchalik qo‘pollik bilan o‘z joniga qasd qilishga urinsa, bu ishga qo‘l urganlarning muvaffaqiyatga erishish ehtimoli shunchalik yuqori bo‘ladi”, dedi Rossiya Federatsiyasi Prezidenti.
Ajablanarlisi, o‘zi bir tomonda Ukraiaga urush ochgan Rossiya Isroil-Falastin urushini qoralab, hal qilishda vositachi sifatida harakat qilishga tayyor ekan. Putin MDH davlatlari rahbarlari birinchi navbatda o‘z milliy manfaatlariga tayanishini ularning nomidan hech ikkilanishsiz aytaverdi.
MDH davlatlari prezidentlari keng tarkibdagi yig‘ilishi boshlangan edi hamki, Prezident Sadir Japarov rus tili MDH davlatlarida muloqot tili bo‘lib qolishiga ishonch bildirsa deng. Bu gap moydek yoqib tushgan Putin Japarovga mehmondo‘stligi uchun minnatdorlik bildirib qo‘ydi.
“O‘ylaymanki, Qirg‘iziston raisligida amalga oshirilgan ishlar natijalari, sammitda qabul qilingan qaror va hujjatlar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi qo‘shnichilik munosabatlarini yanada mustahkamlashga, MDH xalqlari farovonligiga xizmat qiladi”, deya yana uqtirgan u.
2024 yil 1 yanvardan MDHga raislik Rossiyaga o‘tadi. MDH mamlakatlari rahbarlarining navbatdagi sammiti 8 oktyabrga belgilangan edi. Putin uchrashuvga barcha mavqedoshlarini taklif qildi.
Oxir-oqibat MDH davlatlari prezidentlari rus tili bo‘yicha xalqaro tashkilot tuzish to‘g‘risidagi hujjatni imzoladilar. Rossiya esa uzoq yillik maqsadiga baribir erishdi. Endilikda rus tili MDH davlatlari o‘rtasida millatlararo til sifatida tan olindi. Ushbu hukumatlararo tashkilot mamlakatlar o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlikni mustahkamlash bahonasida rus tilini qo‘llab-quvvatlash va targ‘ib qilish maqsadida tashkil etilgan.
Bu rus tilida sifatli ta’limni qo‘llab-quvvatlash, rus filologiyasi kafedralarida tahsil olayotgan pedagogika va fan yo‘nalishi bo‘yicha kadrlar tayyorlashga ko‘maklashish kabi ko‘plab masalalarni hal etadi.
Tashkilot rahbarligida endi rus tilida xalqaro ilmiy anjumanlar, kitob ko‘rgazmalari, kino, rus tilidan diktantlar va boshqa tadbirlar ham o‘tkazilar ekan.
Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov mazkur sammitga kelar ekan, Rossiyaning maqsadlaridan biri aynan mana shu ekanini yashirmagan. U 12 oktyabr kuni, hali sammit boshlanmasidanoq MDH Tashqi ishlar vazirlari kengashi yig‘ilishida rus tilining maqomini oshirishni muhokama qilgan edi.
“Xalqaro rus tili tashkiloti har qanday manfaatdor davlat, shu jumladan Hamdo‘stlikka a’zo bo‘lmaganlar uchun ham ochiq bo‘ladi”, degan edi u Bishkekdagi matbuot anjumanida.
Rus tiliga oid hujjatlar imzonalishi bilan, Belarus rezidenti Aleksandr Lukashenko rus tilini alqab chiqdi. U MDH davlatlari xalqlari uchun umumiy deb hisoblaydi va rus tili bo‘yicha xalqaro tashkilot tashkil etilishini qo‘llab-quvvatlaydi.
“Millatlararo muloqot tilini, ular aytganidek, yo‘qotib bo‘lmaydi. Keyin esa, men umuman tushunmadim, nega ular uni yo‘qotishi kerak, bu bizga, bizning avlodimizga zararmi?.. Yo‘q. bolalar – Bu bizning mulkimiz”, dedi MDH Davlat rahbarlari kengashining tor doiradagi yig‘ilishidan Lukashenkoning so‘zlarini keltirgan BelTA agentligi.
Bundan tashqari u Rossiyani ochiqchasiga sobiq Ittifoqdagi kabi “katta og‘a” deb atadi.
“Mustaqil davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlari (MDH) qiyin paytlarda birga harakat qilishi zarur. Rossiya va Belorussiya ular qanday sharoitda ekanliklarini juda yaxshi tushunadi. Aytishim kerakki, sizni qiyin paytlar kutmoqda. Xuddi biz va ruslar kabi. Ammo MDH mamlakatlarida “katta aka”, ya’ni Rossiya bor. U barchaga yordam berishga harakat qilmoqda. Lekin boshqa tomonda esa ayni paytda o‘z manfaatlariga ega G‘arb ham bor.
Avvalroq Lukashenko rus tilini MDHning yeng katta boyligi deb atagan edi. "Biz millatlararo muloqot tilini yo‘qotolmaymiz", dedi u.
Ma’lumot uchun, 2022 yilning 14 oktyabr kuni Ostonada bo‘lib o‘tgan Mustaqil Davlatlar hamdo‘stligi shafeligida Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev rus tilini qo‘llab-quvvatlash va targ‘ib qilish bo‘yicha xalqaro tashkilot tuzishni taklif qilgandi. Bu haqda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin MDH Davlat rahbarlari kengashi yig‘ilishida aytib o‘tgan.
“Biz uning boshlanishiga Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev tomonidan MDH shafeligida rus tilini targ‘ib qilish bo‘yicha xalqaro tashkilot tuzish bo‘yicha taklif etilgan yangi qiziqarli loyiha bilan yaqinlashayotganimiz ramziy ma’noga ega. Tabiiyki, biz ushbu tashabbusni amalga oshirishga maksimal darajada yordam beramiz”, degan edi Putin o‘shanda.
Rossiya Federatsiyasi Prezidenti e’tiborni “bu qandaydir tayyorgarlik emas, bu haqiqatan ham Qozog‘iston prezidentining g‘oyasi” ekaniga ishontirmoqchi bo‘lgan.
“Ammo, albatta, Rossiya bunday tashabbusni qo‘llab-quvvatlamasa bo‘lmaydi”, bu qarorni oqlashga uringandi Rossiya davlati rahbari.
Bugungi sammit davomida esa, Putin Qozog‘iston Prezidenti To‘qayevga o‘tgan yili Xalqaro rus tili tashkilotini yaratish g‘oyasini bildirgani uchun minnatdorchilik bildirib o‘tdi.
O‘z o‘rnida, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2024 yilda Hamdo‘stlikning madaniy poytaxti deb e’lon qilingan Samarqand shahrida MDH madaniyat, san’at va kino haftaligini o‘tkazishni taklif qildi.
Shavkat Mirziyoyev Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisida nutq so‘zlar ekan, ta’lim sohasida va sayyohlik almashinuvini rivojlantirish borasida ham tashabbuslarni ilgari surgan.
Ma’lum qilinishicha, 2023 yilda MDHning yoshlar poytaxti maqomini olgan Toshkent shahrida bir qator yoshlarga oid tadbirlar, shu jumladan, futbol musobaqasi bo‘lib o‘tadi. O‘zbekiston Prezidenti nutqi so‘nggida Rossiya Federatsiyasi Prezidentini 2024 yilda tashkilotga raislikni qabul qilib olgani bilan tabrikladi. Sammit yakunida Vladimir Putin Armaniston bu yig‘ilishda nima uchun ishtirok etmaganiga to‘xtaldi.
“Bosh vazir Pashinyan menga qo‘ng‘iroq qildi, biz u bilan suhbatlashdik, jumladan, bugungi sammit haqida. Armaniston MDHdan hech qayerga chiqib ketmaydi”, dedi Vladimir Putin.
Xullas, Bishkekdagi sammitda 13 oktyabr kuni MDH davlatlari rahbarlari jami 17 ta qo‘shma hujjat imzoladi. Bundan tashqari, uchrashuvda to‘rtta bayonot imzolangan:
• ko‘p qutbli dunyoda xalqaro munosabatlar haqida,
• davlat boshqaruvini raqamlashtirish sohasida hamkorlik to‘g‘risida;
• inson va fuqarolarning e’tiqod erkinligi huquqini himoya qilish to‘g‘risida;
• rus tilini millatlararo muloqot tili sifatida qo‘llab-quvvatlash va targ‘ib qilish to‘g‘risida.
Shuningdek, imzolangan hujjatlar ro‘yxatidan MDHga 2024 yilda raislik qilish to‘g‘risidagi qaror (bu lavozim Qirg‘izistondan Rossiyaga o‘tadi), navbatdagi yig‘ilishni o‘tkazish (2024 yil 8 oktyabrda Moskva shahrida rejalashtirilgan), shuningdek, Samarqandni madaniy davlat deb e’lon qilish to‘g‘risidagi qarorlar ham o‘rin olgan.
Keyin esa Shavkat Mirziyoyev MDH faxriy nishoniga loyiq ko‘rildi. Uni Qirg‘iziston rahbari Sadir Japarov topshirdi.
“Aslida, so‘nggi yillarda Qirg‘iziston bilan ko‘p yutuqlarga erishdik. Tarixga nazar tashlasak, 30 yil ichida bunday muhim masalalarni hech kim tan olmagan. Biz Sadir Nurg‘o‘jo‘evich va O‘zbekiston Prezidentining xohishi bilan ko‘p masalalarni hal qildik”, dedi Mirziyoyev mukofotni olayotib.
Sammitdan so‘ng, Hamdo‘stlik davlat rahbarlariga baliq, mol go‘shti, qovoq va kartoshkadan tayyorlangan taom, shuningdek, an’anaviy milliy taom – beshbarmoq, desert uchun chizkeyk (pishloqli tort) tortilgan kechki ovqat hozirlangan.
Shu kuni kechqurun Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘zining tashrifini yakunlab, O‘zbekistonga yo‘l oldi. Uni “Manas” xalqaro aeroportida Qirg‘iziston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Raisi, Prezident Administratsiyasi rahbari Oqilbek Japarov va boshqa rasmiy shaxslar qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib kuzatib qo‘ydi.
Boshqa rahbarlar ham birin-ketin o‘z mamlakatlariga qaytib ketdi.
Xulosa qilib aytganda, Bishkekdagi sammit ko‘proq Rossiya foydasiga ishladi, deyish mumkin. Ammo xalqaro ekspertlarning mazkur sammit haqidagi tahlillari hozircha e’lon qilinmadi. E’lon qilingani zahotiyoq buni QALAMPIR.UZ albatta yetkazadi.