MDH TIV rahbarlari Yaqin Sharqdagi mojaroni muhokama qildi

Olam

image

Bugun, 12 oktyabr kuni Bishkek shahrida Qirg‘iziston Tashqi ishlar vaziri Jeenbek Kuluboyev raisligida MDHga a’zo davlatlar Tashqi ishlar vazirlari kengashining majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda MDH rasmiy saytida ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, delegatsiyalar rahbarlari xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashish chog‘ida MDH formatidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorlikning holati va istiqbollarini muhokama qilgan.

Vazir Kuluboyev o‘z nutqida MDHning asosiy yutuqlaridan biri integratsiyani yanada rivojlantirish maqsadida ishonchli siyosiy munosabatlar saqlab qolingani ekanini aytgan. 

Yig‘ilishda:

  •  Jinoyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirish xavfini baholash xalqaro markazini tashkil etish to‘g‘risidagi Bitim; 
  • Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo davlatlarning sud ekspertizasi faoliyati sohasida muvofiqlashtiruvchi kengashini tuzish to‘g‘risidagi Bitim; 
  • shuningdek, keyinchalik Davlat rahbarlariga taqdim etish uchun 2024-2028 yillarda Jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlarning Davlatlararo dasturi ma’qullangan.

Bundan tashqari, rus tili bo‘yicha xalqaro tashkilotni ta’sis etish to‘g‘risidagi shartnoma ham kelishib olingan.

MDH Tashqi ishlar vazirlari kengashining navbatdagi majlisini 2024 yil 12 aprel kuni Minsk shahrida o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.

MDH vazirlari kengashi yakunlangach, Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrov OAV uchun bayonot bergan. Uning aytishicha, yig‘ilishda 2025 yilda nishonlanadigan Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 80 yilligi munosabati bilan rejalashtirilgan tadbirlarga katta e’tibor qaratilgan.

“Qozog‘iston taklifiga ko‘ra, Hamdo‘stlik doirasida kuzatuvchi davlatlar va hamkor davlatlar toifalarini yaratish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Aniq nomzodlar ushbu hujjat davlat rahbarlari tomonidan tasdiqlanganidan keyin ko‘rib chiqiladi. Ma’lumki, kelasi yili Rossiya MDHga raislik qiladi. Ertaga, 13 oktyabr kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin raisligimiz konsepsiyasi va tegishli tadbirlar rejasini taqdim etadi”, deya qo‘shimcha qilgan Lavrov.

Undan hozirda Yaqin Sharqda davom etayotgan qurolli to‘qnashuv va bu boradagi MDH pozitsiyasi haqida so‘ralgan.

“Bugun biz ushbu mavzuga to‘xtaldik. Ko‘ramiz, MDH sammiti oldidan umumiy pozitsiyani kelishib olish mumkinmi? Bu "tor formatda" muhokama qilindi. Mojaroni zudlik bilan to‘xtatish, xalqaro gumanitar qonunlarga rioya qilish, terrorchilik harakatlari va kuch ishlatishning oldini olish zarurligi to‘g‘risida hammada umumiy fikr mavjud”, degan Rossiya TIV rahbari.

Lavrov mojaro tugashi bilanoq hamma BMT Xavfsizlik Kengashining dunyo tomonidan ma’qullangan tamoyillar asosida Falastin davlatini yaratish to‘g‘risidagi qarorini amalga oshirish mas’uliyatini jiddiy qabul qilishiga umid bildirgan.


Maqola muallifi

Teglar

MDH Bishkek Sergey Lavrov Falastin

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing