MDH Tashqi ishlar vazirlari Moskvada yig‘ildi
Olam
−
17:32 1544 2 daqiqa
Mustaqil davlatlar hamdo‘stligiga a’zo mamlakatlar Tashqi ishlar vazirlari bugun, 18 aprel kuni Moskvada yig‘ildi. Unda Fors ko‘rfazi mintaqasidagi keskinlikning misli ko‘rilmagan darajada kuchayishi muhokama qilindi. Bu haqda TASS xabar berdi.
“Dolzarb xalqaro muammolar muhokama qilindi. AQSH va Isroilning Eronga qarshi harbiy tajovuzi tufayli Fors ko‘rfazi zonasida yuzaga kelgan misli ko‘rilmagan keskinlikning turli jihatlariga alohida e’tibor qaratilgani tabiiy”, deydi Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov MDH Tashqi ishlar vazirlari kengashi yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha matbuot anjumanida.
Uning qo‘shimcha qilishicha, vazirlar tomonidan bu masala bo‘yicha maxsus bayonot qabul qilingan.
“Fors ko‘rfazi hududida yuzaga kelgan inqiroz, mohiyatan, butun Yaqin Sharqni qamrab olib, Yevroosiyo qit’asidagi umumiy tendensiyalarni, jumladan, Yevroosiyoning u yoki bu submintaqalari mamlakatlari xavfsizligini ta’minlash yo‘llarini tubdan o‘zgartirayotgani ta’kidlandi. Shu bilan birga, energiya tashuvchilar, oziq-ovqat va o‘g‘itlarni yetkazib berish yo‘nalishlarining ishonchliligi hamda xavfsizligi masalasi ham shubhasiz muhimdir. Bularning barchasini, albatta, MDH, SHHT, ASEAN kabi integratsion birlashmalar ishtirokida Katta Yevroosiyo sherikligini rivojlantirish bo‘yicha umumiy konsepsiyamizni takomillashtirish hamda Yevroosiyo qit’asida xavfsizlik arxitekturasini yaratishga doir umumiy yondashuvimizni shakllantirish jarayonida qayta idrok etish lozim”, degan Lavrov.
Yig‘inda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov ham ishtirok etgan. Shuningdek, Belarus Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Maksim Rijenkov, Qozog‘iston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Yermek Kosherboyev, Qirg‘iz Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Jeenbek Kuluboyev, Tojikiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muhriddin, Ozarbayjon Respublikasi Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Samir Sharifov, Armaniston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Mnatsakan Safaryan, shuningdek, MDH Bosh kotibi Sergey Lebedev ishtirok etgan.
Live
Barchasi