MDH bojxonachilari favqulodda vaziyatlarda birgalikda ishlash ustida bosh qotiryapti
Olam
−
12 Oktabr 2023
2663Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi mamlakatlari bojxona organlari nazorat-o‘tkazish punktlarida favqulodda vaziyatlar yuzaga kelganda hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum, shuningdek, ekspertiza markazini tashkil etish bo‘yicha kelishuv imzolash niyatida. Tegishli takliflar Dushanbeda bo‘lib o‘tgan MDH davlatlari bojxona xizmatlari rahbarlari kengashining yig‘ilishida ilgari surildi.
“Markaz to‘g‘risidagi shartnomalar va favqulodda vaziyatlar bo‘yicha o‘zaro hamkorlik memorandumi hozirda [bojxona xizmatlari] rahbariyati darajasida barchaga taqdim etilgan. O‘ylaymanki, keyingi yig‘ilishda biz ularni qabul qilamiz”, deydi Rossiya Federal bojxona xizmati rahbari vazifasini bajaruvchi Ruslan Davidov.
Uning qayd etishicha, nazorat-o‘tkazish punktlarida favqulodda vaziyatlarning oldini olish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar yuk tashishda kechikishlar oldini olishga xizmat qilmoqda.
“Federal bojxona xizmati, agar biror narsa noto‘g‘ri bo‘lsa, xizmatlar tezda javob berishlari va bir-birlarini xabardor qilishlari uchun bunday standart shartnomalarni ishlab chiqishni taklif qildi”, deydi u.
Ekspertiza markazini tashkil etish tashabbusi bojxona organlari faoliyatini birlashtirish maqsadida Ozarbayjon tomonidan ilgari surilgan.
“Bojxona ekspertizasi juda muhim va jiddiy vositadir. Usullarning bir xilda qo‘llanilishi, bir xil vaziyatlarda bir xil xulosalar chiqarilishi, tafovutlar bo‘lmasligi muhim. Va, albatta, bir masala bo‘yicha turli xulosalar bilan ekspertiza o‘tkazilayotgan holatlarga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi”, deydi Davidov.
Dushanbeda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Ozarbayjon, Belarus, Qozog‘iston, Rossiya, Tojikiston, O‘zbekiston bojxona organlari va tegishli idoralari rahbarlari shaxsan ishtirok etdi, Armaniston va Qirg‘iziston vakillari ham onlayn tarzda qo‘shildi.