Mbappening Olimpiadada qatnashishi hamon so‘roq ostida qolmoqda
Sport
−
15 mart
1990PSJ hujumchisi Kilian Mbappe Fransiya olimpiya jamoasi safida Parij mezbonlik qiladigan Olimpiada o‘yinlarida ishtirok etmasligi mumkin. Bu haqda Fransiya olimpiya jamoasi murabbiyi Terri Anri “RMC Sport”ga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
Fransiyalik futbolchining o‘zi Olimpiadada o‘ynash istagini bildirayotgandi, biroq murabbiy Anri taqvim juda zichligi tufayli Mbappening yordamiga ishonch bildirmayapti. Boz ustiga shu yili Olimpiya o‘yinlaridan tashqari Yevro-2024 bahslari ham bo‘lib o‘tadi.
“Men hammasini tushunib turibman. Nima bo‘lishidan qat’iy nazar, qaror klub tomonidan qabul qilinadi. Mening qo‘limda Mbappeni jamoaga olib kelish bo‘yicha hech qanday imtiyoz yo‘q. Bu FIFA kunlari emas. Klublar yangi mavsum boshida barcha futbolchilariga muhtoj bo‘ladi. Mbappeni Olimpiada bahslariga jalb qilishga harakat qilamiz, lekin yakunda klub o‘z qarorida tursa, bundan bir ish chiqishi qiyin. Kilianni jamoaga olib kelish oson emas”, deydi Anri.
Ma’lumot uchun, 2024 yilgi Yozgi Olimpiada o‘yinlaridagi futbol musobaqalari 24 iyuldan 10 avgustgacha Parij va Fransiyaning boshqa olti shahrida bo‘lib o‘tadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Anri Olimpiya o‘yinlarida Mbappedan tashqari Grizmann va Jiruning ham xizmatlaridan foydalanmoqchi ekanligi xabar qilingandi.