Mbappe “Loryan”ga qarshi o‘yinni o‘tkazib yuboradi

Sport

image

PSJning fransiyalik hujumchisi Kilian Mbappe 12 avgust kuni “Park de Prens” stadionida bo‘lib o‘tadigan Liga 1-turidan o‘rin olgan  “Loryan”ga qarshi o‘yinda maydonga tushmaydi. Bu haqda ESPN xabar berdi.

Manbaga ko‘ra, parijliklar bilan shartnoma bo‘yicha kelishmovchiliklar tufayli hujumchi yangi bosh murabbiy Luis Enrike boshchiligidagi asosiy tarkib bilan mashg‘ulot o‘tkazmayapti. Jazo sifatida klub Mbappeni avgust oyida PSJning barcha o‘yinini o‘tkazib yuborishga majbur qilishi mumkin.  “Loryan” bilan uchrashuvdan so‘ng parijliklar oy oxirigacha Fransiya chempionatida “Tuluza” va “Lans” bilan o‘ynaydi.

Qayd etilishicha, PSJning ayrim rahbarlari Mbappe klub bilan shartnomasini uzaytirmasa, uni butun mavsum davomida asosiy jamoadan chetlatishga tayyor. Futbolchining parijliklar bilan amaldagi shartnomasi 2024 yilning iyuniga qadar tuzilgan.

Mbappe avvalroq PSJga shartnomasi yakunlangandan keyin erkin agent sifatida jamoani tark etish niyatida ekanligini aytgandi. Shu sababli hujumchi Yaponiyadagi mavsumoldi turnega olib ketilmagan, shuningdek, klubni tark etayotgan o‘yinchilar, jumladan, Leandro Paredes, Jorjino Veynaldum va Yulian Draksler bilan mashg‘ulotlar o‘tkazishga majbur bo‘lgan.

PSJ prezidenti Nosir Al-Xelayfi futbolchidan 2024 yilning iyuni o‘tishi bilan yangi shartnomaga rozi bo‘lishi yoki shu yozda ketishini talab qildi. Ayni paytgacha, Mbappeni transferi bo‘yicha faqat Saudiyaning “Al-Hilol” klubi rasmiy taklif bilan chiqqan. Biroq hujumchi “Real”ga o‘tishdan manfaatdor. Madridliklar avvalgi ikki yozgi transfer oynasida fransiyalik futbolchini qo‘lga kiritishga harakat qilgan, biroq shu yozda “Real” Mbappe transferi bo‘yicha PSJga yon berishni istamagan. “Qaymoqranglilar” kelasi yozda hujumchini erkin agent sifatida o‘z safiga qo‘shib olmoqchi.


Maqola muallifi

Teglar

Kilian Mbappe PSJ

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing