MB makroiqtisodiy rivojlanishning 3 xil ssenariysini ishlab chiqdi
Jamiyat
−
22 Oktabr 2020
2940Markaziy bank tomonidan pul-kredit siyosatining 2021-2023 yillarga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari ishlab chiqildi.
Qayd etilishicha, pul-kredit siyosatining asosiy yo‘nalishlari Markaziy bank tomonidan kelgusi yillarda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar majmuini o‘zida aks ettirib, tarkibida tashqi va ichki makroiqtisodiy vaziyatlarning o‘zgarishi sharoitida sohada ko‘riladigan choralar, qo‘llaniladigan tamoyil va instrumentlarni qamrab olgan.
Ya’ni qisqacha aytganda, kelgusi 3 yilda pul-kredit siyosati sohasida nima ishlar qilinadi, inflyatsion targetlash rejimiga o‘tish doirasida qanday o‘zgarishlar amalga oshiriladi, turli xil iqtisodiy rivojlanish ssenariylarida qanday choralar ko‘rib inflyatsiyani 2023 yilgacha 5 foizlik targetga tushiriladi degan masalalarni o‘z ichiga oladi.
“Shu sababli, asosiy yo‘nalishlar, birinchi navbatda, inflyatsiyaning 2021 yilda 10 foizdan past bo‘lishini ta’minlash va 2023 yilda 5 foizlik target ko‘rsatkichiga erishish bo‘yicha vazifalarni inobatga olgan holda ishlab chiqilgan.
Barchamizga ma’lum, 2020 yil mamlakatimiz va jahon iqtisodiyoti uchun juda murakkab yil bo‘ldi. Global pandemiya ta’sirida boshlangan inqiroz iqtisodiyotda talab va taklif tebranishlarining bir paytda sodir bo‘lishiga olib kelganligi bilan oldingi inqirozlardan tubdan farq qildi”, deydi MB raisi Mamarizo Nurmurotov.
Pandemiya bilan bog‘liq noaniqlarning yuqoriligi hamda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xatarlarni inobatga olib Markaziy bank kelgusi yillar uchun makroiqtisodiy rivojlanishning 3 xil ssenariysini ishlab chiqdi:
1) nisbatan real voqeliklarga asoslangan asosiy ssenariy;
2) tezkor iqtisodiy tiklanishga asoslangan optimistik ssenariy;
3) tashqi iqtisodiy xatarlar kuchayishiga asoslangan xatarli ssenariy.
Makroiqtisodiy rivojlanishning asosiy ssenariysida pandemiya bilan bog‘liq vaziyatning bosqichma-bosqich yaxshilanib borishi bo‘yicha kutilmalar, aholi va biznes vakillarining o‘z faoliyatlarini pandemiya va undan keyingi sharoitlarga moslashgan holda davom ettirishlari asosiy shartlardan qilib olingan.
Bunda tashqi savdo hamkorlar iqtisodiyotining bir maromda tiklanib borishi hisobiga tashqi talab 2022 yilning II yarim yilligi inqirozdan oldingi darajasiga yetadi.
Mazkur ssenariy bo‘yicha prognozlarga ko‘ra, O‘zbekistonda iqtisodiy faollik va yalpi talab 2021 yil oxirida inqirozdan oldingi ko‘rsatkichlarga yaqinlashadi, 2023 yilning I yarim yilligiga kelib esa iqtisodiyot o‘zining potensial darajasigacha tiklanadi.
LiveBarchasi