MB koronavirus sabab asosiy stavkani o‘zgarishsiz qoldirdi
Jamiyat
−
05 mart 2020
6442Markaziy bank Boshqaruvining 2020 yil 5 martdagi qarori bilan asosiy stavka yillik 16 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirildi.
“Ushbu qaror tartibga solinadigan narxlarning kutilayotgan erkinlashtirilishi hamda koronavirus bilan bog‘liq bo‘lgan tashqi iqtisodiy noaniqliklarning kuchayishi bilan izohlanadi”, deyiladi xabarda.
Markaziy bank hisob-kitoblariga ko‘ra, inflyatsiyaning eng yuqori darajasi joriy yilning ikkinchi choragida kuzatilishi mumkin. Ayni vaqtda, 2020 yilning ikkinchi yarmida tariflar o‘sishining inflyatsiyaga ta’siri pasayib boradi va yil oxirida inflyatsiya darajasi prognoz koridorining yuqori chegarasiga yaqinlashadi.
O‘tgan yillardagi inflyatsiya xususiyatining tahlili shuni ko‘rsatadiki, davlat tomonidan tartibga solinadigan tovarlar va xizmatlar narxlarining muntazam tizimli ravishda oshirib kelinishi inflyatsiyaning asosiy omillaridan bo‘lgan. Ta’kidlash joizki, ushbu sohalarda narxlar shakllanishining bozor tamoyillarini joriy qilishni kechiktirish keyinchalik ham narxlarni har yil oshirib borishni talab qiladi. Bu, o‘z navbatida, qo‘shimcha inflyatsion bosimni yaratishda davom etadi va 2023 yilga kelib inflyatsiya bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichga – targetga erishishni qiyinlashtiradi.
Narxlarning o‘zgartirishni bir bosqichda amaga oshirish orqali bozor tamoyillarini joriy etilishi inflyatsiyaga ma’lum darajada qisqa muddatli ta’sir ko‘rsatishi mumkin, biroq bu, o‘z navbatida, ishlab chiqarish jarayonlarini rivojlantirish yo‘lidagi muammolarni bartaraf etishga, respublika hududlarida energiya resurslaridan foydalanish imkoniyatlarining kengayishiga hamda tovarlar va xizmatlar taklifi hajmining ko‘payishiga xizmat qiladi.
LiveBarchasi