MB karta orqali firibgarlik qilishning asosiy belgilarini aytdi

Foydali

image

Axborot texnologiyalari keng qo‘llanilayotgan hamda moliyaviy xizmatlar iste’molchilari bilan o‘zaro munosabatlarda masofaviy xizmat ko‘rsatish kanallari kengayib borayotgan hozirgi sharoitda ishonuvchan hamda moliyaviy savodxonlik darajasi yetarli bo‘lmagan fuqarolarga nisbatan firibgarlik harakatlari kuzatilmoqda.

Bu kabi firibgarlik holatlari bank kartasi egasining xabarisiz uning karta hisobvarag‘idan pul mablag‘ini yechib olish, parol va PIN-kodlarni o‘g‘irlash va boshqa noqonuniy faoliyat turlari bilan bog‘liq.

Shu sababdan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Bank xizmatlari iste’molchilarining huquqlarini himoya qilish xizmati firibgarlikning quyidagi belgilaridan ogoh bo‘lishga chaqirdi:

1. Ishontirish maqsadida o‘zini bank, huquqni muhofaza qiluvchi organ yoki biron savdo tashkilotining xodimi sifatida tanishtiruvchi begona shaxslardan qo‘ng‘iroq bo‘lishi, SMS-xabarnoma yoki ijtimoiy tarmoqlar orqali turli xabarlarning kelib tushishi;

2. Turli sovg‘alar g‘olibiga aylanish, sizning foydangizga har qanday mablag‘larni o‘tkazib berish yoki tovar va xizmatlarni jozibador shartlarda sotib olish kabi go‘yoki juda foydali va kutilmagan imkoniyatlarning taklif etilishi;

3. Yutuqlarni keyinchalik bank kartasiga o‘tkazib berish sharti bilan turli xil so‘rovlar va lotereyalarda ishtirok etish taklif qilinishi;

4. Yutuqlarni qabul qilish yoki tovar va xizmatlar uchun to‘lovlarni amalga oshirish maqsadida turli mobil ilovalarni o‘rnatish yoki havolalar orqali bank kartangiz yohud shaxsiy ma’lumotlaringizni kiritish to‘g‘risida takliflar berilishi;

5. Hisobvarag‘ingizdagi pul mablag‘lari yo‘qolishi mumkinligi haqida qo‘rqitish va tezkor qaror qabul qilishga majburlovchi ruhiy bosim o‘tkazish holatlari;

6. Hisobingizga xatolik bilan pul mablag‘i o‘tkazib yuborilganligi va ushbu mablag‘larni qaytarishni so‘rab qo‘ng‘iroq qilish holatlari.

“Telefon firibgarlari” o‘ylash uchun vaqt qoldirmay, turli gaplar bilan chalg‘itib, karta ma’lumotlaringizni ayyorlik bilan qo‘lga kiritadi yoki yolg‘onlariga ishontirib, pul mablag‘larini ularga o‘z xohishingiz bilan o‘tkazib berishga undaydi.

Shu sababli, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Bank xizmatlari iste’molchilari huquqlarini himoya qilish xizmati firibgarlarning turli bahonalar bilan bank kartangiz ma’lumotlarini (karta raqami, PIN-kod, shuningdek, SMS-kod va boshqa shaxsiy ma’lumotlar) bilib olishga urinishlariga javob bermaslikka chaqirdi.

“Bank xodimlari qo‘ng‘iroq qilish, SMS-xabarnoma yoki ijtimoiy tarmoqlarda xabar yuborish orqali bank kartasi egasidan uning kartasiga tegishli va boshqa shaxsiy ma’lumotlarni so‘ramasligini ma’lum qilamiz”, deyiladi regulyator xabarida.

Firibgarlar “tuzog‘i”ga tushib qolishning oldini olish va mablag‘laringiz xavfsizligini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Bank xizmatlari iste’molchilari huquqlarini himoya qilish xizmati quyidagilarni tavsiya qiladi:

•    O‘zini bank, huquqni muhofaza qilish idorasi yoki biron savdo tashkiloti xodimi deb tanishtirgan notanish fuqarolardan qo‘ng‘iroq bo‘lganda, ularning so‘zlariga yoki ko‘rsatmalariga amal qilishga shoshilmang va shaxsiy ma’lumotlaringizni oshkor qilmang. Yaxshisi, suhbatni tugating va qo‘ng‘iroq qiluvchilar aytgan tashkilot bilan qayta bog‘lanib, ular tomonidan sizga berilgan ma’lumotlarning to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ekaniga aniqlik kiriting;

•    Har qanday sharoitda ham bank kartangiz to‘g‘risidagi ma’lumotlarni (karta raqami, PIN-kod, bank kartasining old qismi rasmlari) hamda o‘z shaxsiy ma’lumotlaringizni begona fuqarolarga oshkor qilmang va yubormang;

•    O‘zingizga tegishli bo‘lgan bank kartasi ma’lumotlarini ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilmang;

•    Maxfiy ma’lumotlarni kiritishingiz, ro‘yxatdan o‘tishingiz kerak bo‘lgan saytlarda HTTPS:// prefiksi mavjudligini tekshiring;

•    Agar tashkilotlarning sayti yoki sahifasi haqiqiyligiga shubha qilsangiz, ushbu tashkilot bilan bog‘laning va ma’lumotlarga aniqlik kiriting;

•    Imzolanadigan barcha hujjatlarni diqqat bilan o‘qing, ko‘rsatilgan ma’lumotlarning to‘g‘riligini qayta tekshiring;

Markaziy bank ushbu oddiy tavsiyalarni yoshi ulug‘ qarindoshlaringiz va o‘smirlarga tushuntirib borishingizni so‘rab qolgan.


Maqola muallifi

Teglar

firibgarlik

Baholaganlar

52

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing