Majburiy mehnat sovet o‘tmishining qoldig‘idir – Tanzila Norboyeva

Jamiyat

image

O‘zbekistonda hamon uchrab turgan majburiy mehnatning ayrim shakllari sobiq sovet tuzumidan qolgan sarqitlardir. Bu haqda Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) Bosh direktorining sobiq maslahatchisi Kari Tapiolaning “Paxta dalalarida ishonchning mustahkamlanishi: Xalqaro mehnat tashkilotining O‘zbekistondagi faoliyati” nomli monografiyasi taqdimotidagi nutqida aytib o‘tdi.

“Bugun keng xalqaro hamjamiyat  O‘zbekistonning bolalar va majburiy mehnatga barham berish bo‘yicha o‘ziga xos milliy tajribasi ko‘plab davlatlar uchun namuna bo‘lishi kerakligini tasdiqlamoqda. Shu bilan birga, belgilangan maqsadlarga erishish yo‘lida ko‘plab ishlar amalga oshirilmoqda. Majburiy mehnatning ayrim holatlariga hali ham duch kelyapmiz, ular boshqa sohalarda ham namoyon bo‘lmoqda, bu esa joylardagi ayrim rahbarlar, ish beruvchilar ongida haligacha saqlanib qolgan ma’muriy-buyruqbozlik usullarining qoldiqlari ekanligining dalolati – bular biz ayovsiz kurashayotgan sovet o‘tmishining qoldiqlaridir”, deydi Norboyeva.

Ta’kidlanishicha, O‘zbekistonning XMT va boshqa qator xalqaro tashkilotlar bilan so‘nggi yillardagi amaliy hamkorligi mehnat munosabatlari tizimi mustahkamlanishi va rivojlanishiga xizmat qildi, xususan, sohada 10 ta yuksak ko‘rsatkichga erishildi.

Shuningdek, xorijda mehnat qilayotgan fuqarolarni tizimli qo‘llab-quvvatlash davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi, tizimli bolalar va majburiy mehnatga butunlay barham berildi.

“Muhimi, o‘zbek paxtasiga boykot bekor qilinib, AQSH Mehnat vazirligi tomonidan mamlakatda ishlab chiqarilgan paxtani “Bolalar va majburiy mehnatdan foydalangan holda ishlab chiqarilgan mahsulotlar ro‘yxati” dan chiqarildi”, deyiladi yuqori palata matbuot xizmati xabarida.

Tadbirda halqaro ekspertlar tomonidan mehnat munosabatlari sohasida erishilgan natijalar va bugungi kunda XMT bilan hamkorlikda munosib mehnat tamoyillarini amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar xalqaro maydonda yuksak e’tirof etilishi va bu borada O‘zbekistonning milliy tajribasi boshqa davlatlar uchun namuna bo‘lishi mumkinligi ta’kidlangan.


Maqola muallifi

Teglar

Tanzila Norboeva

Baholaganlar

46

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing