Maymun chechagi. U qanday kasallik, kimlarga yuqmaydi va davosi bormi?
Salomatlik
−
03 iyun 2022
77505O‘zbekistonda maymun chechagi aniqlansa, bu kasallikka qarshi “Tibbiyotni inkor qilish usuli”dan foydalaniladi. Bu haqda AOKAda “Maymun chechagi kasalligiga qarshi ko‘rilayotgan epidemiologik chora-tadbirlar” mavzusida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Sanitariya epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Nurmat Otabekov ma’lum qildi.
“Dunyo hamjamiyatida chinchechakka qarshi vaksina bor. Maymun chechagiga qarshi vaksina mavjud emas. Chinchechak virusi dunyoning faqat ikkita davlatida — AQSH va Rossiya maxsus laboratoriyalarida saqlanyapti. Bu laboratoriyalarda ularni saqlashdan maqsad qachonki, chinchechakka o‘xshash kasalliklar paydo bo‘lsa, uni solishtirish, ya’ni qo‘zg‘atuvchilarni bir-biri bilan qiyoslash orqali aniq tashxis qo‘yish maqsad qilib olingan. Lekin shu bilan birgalikda, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ta’kidlayaptiki, hozir chinchechakka qarshi 200 mlndan ko‘proq doza vaksina zaxirasi mavjud. Agar bu vaksinalarni ishlatishga ehtiyoj bo‘ladigan bo‘lsa, albatta, JSST tavsiyasiga asosan, bu masala ham ko‘rib chiqiladi”, deydi Otabekov.
Shuningdek, u so‘zi davomida virus chaqiradigan ko‘pgina yuqumli kasalliklarning klinik belgilari va ularga qarshi ko‘riladigan chora tadbirlar haqida ma’lumot berdi.
“Kasallikka laboratoriya tashxisini qo‘yish uchun “polemeraza zanjirli reaksiya usuli”dan foydalaniladi. Buning uchun faqat test sistemasining bo‘lishi yetarli. Shu nuqtai nazardan, hozir bu test sistemalarini O‘zbekiston hududiga olib kelish choralari ko‘rilyapti. Bunday paytlarda tibbiyotda yana bir usul bor. Buni ko‘pchilik bilmasligi mumkin. Biz bilamiz. Masalan, aynan viruslar chaqiradigan ko‘pgina yuqumli kasalliklarning klinik belgilarida bir vaqtning o‘zida tana haroratining ko‘tarilishi, terlash, og‘riq va tanada toshmalar paydo bo‘lishi kuzatiladi. Qachonki, bu kabi holatlar kuzatiladigan bo‘lsa, “tibbiyotni inkor qilish usuli”dan foydalaniladi. Inkor qilish usuli degani, agar biz beshta kasallikka gumon qilayotgan bo‘lsak, qizamiq, qizilcha yoki boshqa bir kasallik tasdiqlansa, demak chinchechak yo‘q. Bu usul bilan boshqa 4 yoki 5 ta shubha qilingan kasalliklar mabodo aniqlanib qoladigan bo‘lsa, biz chinchechak emas, qizamiq yoki qizilcha, degan tashxisni qo‘yish usulidan foydalanamiz”, deydi Nurmat Otabekov.
Otabekovga ko‘ra, chinchechak va maymun chechagi kabi yuqumli kasalliklar katta yoshdagi fuqarolarda aniqlanmaydi. Yosh bolalarda kasallikka chalinish ehtimoli bor.
“Shu bilan birga, tashxis qo‘yish uchun kasallikka chalingan odam virus o‘chog‘ida bo‘lgan, kasallik manbai bilan muloqot qilgan bo‘lishi kerak. Epidemiologik analiz yig‘ilgan paytda xavf osti guruhiga mansub bo‘lishi kerak. Demak, mana shu holatlar yo‘q bo‘lsa, maymun chechagiga gumon qilishga hech qanday asos yo‘q. Ba’zan internet tarmoqlarida ko‘ryapman. Ba’zi bir toshmalarni rasmga olib, joylashtirishyapti va chinchechak bo‘lsa kerak, degan fikrlar olg‘a surilyapti. Aslini olganda, chinchechak kasalligiga katta yoshdagi odamlar chalinmaydi. Negaki, ularning aksariyatida chinchechakka qarshi immunitet bor. Yosh bolalarda kasallikka chalinish ehtimoli mavjud. Kasallikka chalingan taqdirda ham ular havo tomchi, yaqin muloqot yo‘li bilan hamda teri va shilliq qavatning jarohatlanishi bilan kechadigan jismoniy muloqotlar orqali ham yuqish ehtimoli bor. Qolaversa, ular kiygan kiyim, ular ishlatgan choyshablar orqali kasallik yuqish ehtimoli ham bor. Shunday ekan, kasallikning manbai bilan ro‘baro‘ kelmagan odamda kasallikka shubha qilish uchun asos ko‘rinmaydi", deydi u.
Ma’lumot uchun, maymun chechagi virusi joriy yilning aprel va may oylarida G‘arbiy Yevropaning bir qancha mamlakatlarida, shuningdek, boshqa qit’alarda tarqaldi. So‘nggi kunlarda u Avstriya, Belgiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Ispaniya, Italiya, Portugaliya, Fransiya, Shveysariya va Shvetsiyada, shuningdek, AQSH, Kanada va Avstraliya, BAA da ham aniqlangan.
Maymun chechagi haqida nima ma’lum?
Maymun chechagining dastlabki belgilariga isitma, bosh og‘rig‘i va mushak og‘rig‘i, shishgan limfa tugunlari, titroq va ozg‘inlik kiradi. Kasal bo‘lganlarda ko‘pincha yuzda boshlanib, keyin tananing boshqa qismlariga, jumladan qo‘llar, oyoqlar va jinsiy a’zolarga tarqaladigan toshma paydo bo‘lishi mumkin. Maymun chechagi hayvonlarning chaqishi, ifloslangan buyumlar yoki kasal odam bilan yaqin aloqa qilish orqali yuqishi mumkin.
Virusga qarshi dorilar yo‘q.
Infeksiyalangan odamlarning aksariyati bir necha hafta ichida tuzalib ketadi. Biroq, birinchi marta 1970 yilda kashf etilgan maymun chechagining eng halokatli shtammlari bemorlarning 10 foizini o‘ldirishi mumkin.
So‘nggi kunlarda AQSHda ham maymun chechagi bilan kasallanish holatlari aniqlangan. Shu munosabat bilan AQSH hukumati chechakka qarshi 13 million vaksina sotib olishga buyruq bergan.
LiveBarchasi