May oyi O‘zbekistonda sport oyligi deb e’lon qilindi
Sport
−
01 may 2019
5064O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi tashabbusi bilan “Biz sog‘lom turmush tarafdorimiz” shiori ostida O‘zbekistonda “sport oyligi” boshlandi. Bu haqda MOQ Matbuot xizmati xabar tarqatdi.
Bugun tashkilot tomonidan ushbu yangi loyihaga start berildi. Unda ilgari surilgan “Biz sog‘lom turmush tarafdorimiz” jumlasi yuzlab yosh sportchilarning qalbidagi shiorga aylandi.
Bunday sport oyligini e’lon qilish, avvalo, ommaviy sport bilan shug‘ullanuvchi qatlamni oshirish va har bir fuqaroni sog‘lom turmush tazriga jalb qilishdir. MOQ Bosh kotibi Jasur Matchanov ham bu jihatga alohida e’tibor qaratib o‘tdi.
“Biz joriy qilgan oylik murakkab sport turlarini qamrab olmagan. Unda asosan basketbol, futbol, voleybol, gandbol kabi o‘yin sport turlarini uchratish mumkin. Rejada maktabgacha ta’lim muassasalari, maktab va oliy o‘quv yurti vakillari uchun alohida dastur ishlab chiqilgan. Misol uchun, maktabgacha ta’lim va kichik yoshdagi o‘quvchilar uchun “Quvnoq startlar” sport o‘yinini joriy qilganmiz. Umuman sport dasturlari bo‘yicha nizom ishlab chiqqanmiz va bu bilan kerakli federatsiyalar va ta’lim muassasalari tanishib chiqishgan”, dedi Jasur Matchanov.
Sport oyligi 31 mayga qadar davom etadi. Unda Respublikaning barcha tuman va shaharlari bo‘yicha ko‘plab ommaviy musobaqalar tashkil qilish rejalashtirilgan bo‘lib, yakunda Respublika bosqichi bo‘yicha g‘olib va sovrindorlarni aniqlab olish rejalashtirilgan.