Mavlud Chavusho‘g‘li Ukraina inqirozida bosh aybdor kimligini aytdi 

Olam

image
0:00
0:00
download

Ukrainadagi vaziyat Birlashgan Millatlar Tashkiloti tizimi islohotga muhtoj ekanini ko‘rsatdi. Bu fikrni Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘li Yaponiya tashqi siyosati yetakchisi Yosimasa Xayasi bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunlari bo‘yicha matbuot anjumanida bildirdi.

“Biz Ukrainada sodir bo‘layotgan voqealar yuzasidan fikr almashdik. U yerdagi vaziyat yana bir bor BMT tizimi islohotlarga muhtojligini ko‘rsatmoqda", deydi Turkiya vaziri.

Chavusho‘g‘lining so‘zlariga ko‘ra, birinchi navbatda, BMT Xavfsizlik kengashini isloh qilish zarur. Mazkur masalada u Yaponiya rasmiysi bilan kelishib olgan.

Ma’lumot uchun, Bu Turkiyaning BMTni birinchi marta tanqid qilishi emas. Respublika Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an deyarli har yili BMT Bosh Assambleyasi yig‘ilishlarida shunday zarurat borligini e’lon qiladi.

Jumladan, 2018 yilda u BMTni dunyo muammolarini hal qila olmaslikda ayblagan edi. O‘shanda u xalqaro tashkilot zaiflashib ketgani, hamjamiyat falastinliklar huquq va erkinliklarining poymol qilinishi borasida ikkilik standartini qo‘llayotganini tanqid qilgandi.

Doimiy ravishda BMT faoliyatini tanqid qilib keluvchi Prezident Erdo‘g‘an, 2021 yilda “Dunyo yanada adolatli bo‘lishi mumkin” nomli kitobni yozdi. Kitob muallifi BMTning qonuniylik, imkoniyatlar, samaradorlik, inklyuzivlik, vakillik va boshqaruv kabi muammolariga e’tibor qaratgan.

Turkiya rahbari o‘z ishida global siyosatdagi ikkilanishlarga, xususan, adolatsizlik, migratsion inqiroz, xalqaro terrorizm va islomofobiya muammosiga ishora qilib, BMT misolida dunyodagi kamsitish va ikki tomonlama standartlarni ochib beradi. 

Erdo‘g‘an asar orqali "bolalar o‘lgan va o‘ldirilgan dunyoda begunoh odamlar yo‘q" degan g‘oyani ilgari suradi. Qolaversa, Erdo‘g‘an zamonaviy jahon hamjamiyatiga eng zarur narsa adolat deb hisoblaydi. 

Shuningdek, u joriy yilning 11-13 mart kunlari Turkiyada bo‘lib o‘tgan Antaliya diplomatik forumida yana bir bor BMTga murojaat qilib, Birlashgan Millatlar Tashkilotini, xususan Xavfsizlik Kengashini isloh qilish vaqti kelib, allaqachon o‘tib ketganini, dunyo yangi urushlar bilan ovora bo‘lib, eskilarini oqibatalarini bartaraf etmayotgani, buning ortidan dunyoda qochqinlar soni 85 milliondan oshgani, ular safiga 3 million ukrainalik qo‘shilgani, O‘rta yer dengizi suvlari esa 25 ming qochqinning qabriga aylanganini alohida qayd etdi. 

“Yangi urushlarning oldini olishni qo‘ya turing, 10 yillardan buyon davom etayotgan to‘qnashuvlar hal etilmagan bir vaqtda hech kim o‘zini xavfsiz his qila olmaydi. Bugun qayerda yashamaylik, dunyo ulkan qishloqqa aylangan davrda “Boshqasi bilan nima ishim bor?”, deyolmaymiz. To‘xtatilmagan to‘qnashuvlar, qarshi chiqilmagan zulmlar, kurashilmagan muammolar oxir-oqibat bizga ham ta’sir qilishi, bizni ham yoqishini bilishimiz kerak. 

Biz bu alamlarga Suriyada, Yamanda, Afg‘onistonda, Liviyada, Iroqda, Arakanda va bir qator muammoli hududlarda takror va takror guvoh bo‘ldik. Bu mojaro hududlarida tinch aholi,ularning aksariyati ayollar va bolalar halok bo‘ldi. Oilaviy qadriyatlar va insoniy fazilatlarga jiddiy putur yetdi. Xalqaro tashkilotlarga bo‘lgan ishonch eng tubiga tushdi. Terrorchilik tashkilotlari va ekstremizm butun dunyoda keng tarqaldi”, degan edi Prezident Erdo‘g‘an dunyoga yuzlanib.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

596

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing