Matyoqub Matchonov va Ra’no Yarasheva ham O‘zbekiston xalq artisti bo‘ldi
Madaniyat-san’at
−
28 may 8029 3 daqiqa
O‘zbekiston kinoarboblari ijodiy uyushmasi raisi, kinoaktyor Matyoqub Matchonov va O‘zbek Milliy akademik drama teatri aktyori Ra’no Yarasheva O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti bo‘ldi. Bu haqda bugun, 28 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Madaniyat, san’at va adabiyot sohalari xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.
Shuningdek, ushbu farmon bilan Ichki ishlar vazirligining madaniyat saroyi badiiy rahbari, aktyor Uchqun To‘rayevich Tillayev va O‘zbek milliy maqom san’ati markazining Yunus Rajabiy nomidagi “Maqom” ansambli artist-sozandasi Abdurahmon Akbarovich Xoltojiyev ham “O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti” faxriy unvoni bilan mukofotlandi.
Ma’lumot uchun, Matyoqub Matchonov 1956 yil 26 noyabrda Toshkentda tavallud topgan. U maktabni tugatib aktyor bo‘lish orzusida Toshkent teatr va rassomchilik oliygohiga kirgan. Ilk bor 1980 yilda suratga olingan “Dahoning yoshligi” filmida suratga tushgan. O‘qishni tugatib faoliyatini 1985 yilda “Yosh Gvardiya” nomidagi teatrida boshlagan. Aktyor sifatida “Bozor ko‘rmagan yigit” filmida rolidan keyin u komik aktyor sifatida muxlislarning e’tiborini qozongan. Shuningdek, u “Shabnam”, “Tilim qursin”, “Mening akam bo‘ydoq”, “Endi dadam bo‘ydoq”, “Sotqin” kabi filmlardagi rollari bilan mashhur. Matchonov “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist” unvoni hamda 2016 yili Do‘stlik ordeni bilan taqdirlangan.
Ra’no Yarasheva 1961 yil 15 fevral kuni Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on tumanida tug‘ilgan. O‘zbek teatr va kino aktrisasi, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘istonda xizmat ko‘rsatgan artist. O‘z faoliyatini dastlab, teatr sahnasida pardozchi vazifasida boshlagan. Ikki nafar farzandning onasi. Aktrisa oilada 4 o‘g‘ildan so‘ng 5-farzand bo‘lgan. Yoshligidan teatrda rol o‘ynashni orzu qilgan ushbu iste’dod egasi 23-yoshida Toshkent teatr va rassomchilik oliygohiga o‘qishga kiradi. O‘qishni tamomlagach, dastavval, O‘zbek milliy akademik dramma teatrida pardozchi-grimyor sifatida o‘z faoliyatini boshlaydi. Bir necha yil o‘tib u, ushbu teatrda “Yorqinoy” nomli spektaklda o‘zining ilk rolini ijro etadi. Shundan keyin u, birin-ketin turli fimlarda qatnasha boshlaydi. Ra’no Yarasheva “Mehrobdan chayon”, “Sohibqiron” va “Uvaysiy” tarixiy fimlardagi rollari bilan o‘zbek xalqi orasida tanila boshlaydi. Bugungi kungacha aktrisa 20 dan oshiq film va spektakllarda ishtirok etgan. O‘zining aktrisalik faoliyati orqali 1999 yilda “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist” unvoni bilan taqdirlanadi. Hozirgi kunda ijodkor o‘z faoliyatini Yodgor Sagdiyev boshchiligidagi O‘zbek milliy akademik drama teatrida davom ettirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, ushbu farmon bilan O‘zbekiston davlat filarmoniyasi xonandasi G‘iyos Boytayev va “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi xonandasi Rustamjon G‘oipov ham O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti bo‘ldi.
Live
Barchasi