Prezident matbuot kotibi so‘z erkinligini ne’mat deb atadi

Jamiyat

image
0:00
0:00
download

O‘zbekistonda bugun hukm surayotgan so‘z va matbuot erkinligi ne’mat. Bu haqda Prezident Administratsiyasi raisining o‘rinbosari – Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov kecha, 5 may kuni Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining yangi binosi ochilish marosimida so‘zlagan nutqida qayd etgan. 

Xo‘sh, Asadov nega bu mavzu haqida so‘z ochdi? 

Joriy yilning 3 may – Jahon matbuoti erkinligi kuni QALAMPIR.UZ asoschisi – jurnalist Qamariddin Shayxov o‘zining shaxsiy Telegram kanalida so‘z erkinligining bugungi holati, huquqlari ta’minlanishini xohlayotgan va davlat idoralariga o‘z murojaatini OAV orqali yetkazishni istayotgan oddiy odamlarning so‘z erkinligining ta’minlanishidagi o‘rni haqida post yozib qoldirdi. Ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lgan ushbu post QALAMPIR.UZ’da ham e’lon qilindi. Postda asosan odamlar bilan bog‘liq muammolar, murojaatchilar so‘z erkinligini ta’minlashni so‘rashiyu lekin kamera qaratilib, mikrofon tutilganda “davlatimizga rahmat”dan nariga o‘tolmasligi, hamma jonbozlikni jurnalistdan talab qilishi yozilgan. Post oxirida esa Shayxov so‘z erkinligi ne’mat emas, balki normal demokratik jamiyatning fundamental asosi, qadriyati bo‘lishi kerakligini urg‘ulagan. 

Asadov bu fikrlarning aynan “So‘z erkinligi – ne’mat emas” qismiga munosabat bildirib, uning ne’matligini eslatdi. U ham so‘zida 2016 yilgacha bo‘lgan vaziyatga e’tibor qaratdi. 

“Haqiqatan ham oxirgi besh yil davomida so‘z erkinligini ta’minlash, nafaqat ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash, balki inson huquqlari prinsiplarini, inson huquqlari ideallarini O‘zbekistonda yanada ilgari surish, barcha imkonlarni yaratish uchun juda ham ko‘p ishlar qilindi. 

Bu yerga kelishimdan oldin bir maqolani o‘qib qoldim. Xususiy ommaviy axborot vositalaridan birining rahbari bo‘lmish (tahr. Qamariddin Shayxov nazarda tutilgan) jurnalistimizning fikrlarini o‘qib qoldim. U kishi aytyaptilarki, “Matbuot erkinligi, so‘z erkinligi – bu ne’matmi? Bu uchun rahmat deyishimiz kerakmi?”. Va o‘z fikrlarini bildirganlar. Men ularning fikrlariga uncha qo‘shilmagan holatda shuni ta’kidlamoqchi edimki, haqiqatan ham matbuot erkinligi, so‘z erkinligi – bu ne’mat. Bu avvalambor hurmatli Prezidentimizning siyosiy irodalari tufayli yaratilayotgan sharoitlar tufayli yuzaga kelayotgan ne’mat . 

Tasavvur qilaylik, 2016 yilgacha jurnalistika qanday ahvolda edi, so‘z erkinligi qanday ahvolda edi? Hozir umuman 180 darajada farqli muhitda yashayapmiz”, deydi Asadov.

Asadovning fikriga nisbatan Qamariddin Shayxovning munosabati esa quyidagicha bo‘lmoqda. 

“Men o‘z postimda odamlar va rahbarlar bilan bog‘liq vaziyatni yoritdim. Odamlar kameradan qochadi, muammoni jurnalistlar aytishini xohlaydi. Rahbarlar esa tanqidiy savolga javobni “2016 yilgacha shunday gaplashib o‘tira olarmidik”, deyishdan (go‘yo bugun bularni gaplashayotganimizning o‘zi katta ne’mat. Ortig‘ini talab qilma, degandek) boshlaydi. Odamlar muammosini aytishdan qo‘rqsa, rahbarlar gapni maqtash, alqashdan boshlasa, jurnalist nima qilishi kerak? 

O‘z haq-huquqi poymol qilingan odam, adolat va huquqlari tiklanishini so‘raydi. Buni unga berish kerakmi yo adolatsizlikni davom ettirish? Yoki butun jahonda e’tirof etilgan inson huquqlari normalarida so‘z erkinligi inson huquqlarining ajralmas bo‘g‘ini sifatida ko‘rsatilgan va bu har qanday davlatning gardanidagi vazifa. Buni bajarish ne’matmi? 

Shuni tan olish kerak, Shavkat Mirziyoyev Prezidentlikka keliboq xalqning o‘ziniki bo‘lgan va 2016 yilgacha undan olib qo‘yilgan ko‘p narsalarni, jumladan huquqni, adolatni, so‘z erkinligini o‘ziga qaytardi. Shu bois ham unga ishonch yuqori, shu bois ham odamlar uni qo‘llab-quvvatlayapti. Biroq, Prezidentning o‘zi” xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqmizga xizmat qilishi kerak”, deb bugungacha amalga oshirgan islohotlarini odamlarning yuziga solmayotganda, uning qo‘l ostidagilar bularni xuddi o‘zi qilgandek hadeb ne’mat deyishlari qanchalik to‘g‘ri?”, deb yozadi QALAMPIR.UZ asoschisi – jurnalist Qamariddin Shayxov.  


Maqola muallifi

Teglar

Sherzod Asadov

Baholaganlar

28

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing