Masjidlar haftada har kuni ishlaydi – Musulmonlar idorasi

Jamiyat

image

O‘zbekistonga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasining qarori bilan joriy yilning 17 avgustidan e’tiboran masjidlar faoliyatiga ruxsat berilishi haqida ma’lum qilgan edik. Unga ko‘ra, 17 avgust kuni mamlakatdagi 2070 jome masjidida bomdod namozi o‘qilishi orqali barcha masjidlar o‘z eshiklarini ochadi. 

Juma namozi vaqtincha o‘qilmasligi sabab masjidlar juma, shanba va yakshanba kunlari faoliyat yuritmasligi haqida gaplar tarqaldi. Bunga O‘zbekiston musulmonlari idorasi munosabat bildirdi. Unda shunday deyilyapti: 

“Ta’kidlaymizki, ayrim sayt va ijtimoiy tarmoqlarda masjidlar haftada to‘rt kun ishlaydi, juma, shanba va yakshanba kunlari esa faoliyat ko‘rsatmasligi haqidagi xabarlar anglashilmovchilik oqibatidir.

Masjidlar haftada har kuni o‘z ish faoliyatini olib boradi, faqat juma namozi epidemiologik vaziyat barqarorlashgunga qadar vaqtincha ado etilmay turadi. Duoyu-tazarrularda bardavom bo‘lib tursak, bu fayzli ibodatga ham Alloh taolo nasib etadi”, deyiladi xabarda. 

Musulmonlar idorasi o‘z bayonotida masjidlarda rioya etilishi kerak bo‘lgan sanitariya-epidemiologik qoidalarni eslatadi. Ular quyidagicha:

•    masjidlarning kirish joyini dezinfeksion “to‘shak”lar bilan jihozlash, birlamchi dezinfeksiyalash vositalari, pirometrlar (kontaktsiz harorat o‘lchagich) bilan ta’minlash;

•    har bir fuqaro masjid ichida tibbiy niqobda bo‘lishi, hududga kirishda qo‘llarini dezinfeksiyalash vositasidan foydalanishi;

•    masjidga tashrif buyurgan har bir shaxsning kasallik alomatlarini tekshirish (harorat o‘lchash va tashqi alomatlar), tana harorati 37ºS va undan yuqori bo‘lgan holatda fuqarolarni alohidalash va 103 telefon raqami orqali tez tibbiy yordamga xabar berish;

•    ibodat vaqtida ijtimoiy masofalanishni saqlash, fuqarolar orasidagi masofani 1,5 metr etib belgilash (maxsus chiziqlar yordamida kataklarga ajratgan holda);

•    har bir masjidning kirish qismiga kasallikdan saqlanish, hududda karantin talablariga qat’iy amal qilish, xususan, 65 yoshdan katta fuqarolarni masjidlarga vaqtincha tashrif buyurmay turishlari tavsiya etilishi to‘g‘risidagi axborot lavhalarini o‘rnatish;

•    masjid ma’muriyati tomonida ish faoliyatni karantin davrida tashkil etish bo‘yicha tegishli buyruq va ichki tartiblarni ishlab chiqish (bunda yoshi 65 yoshdan ulug‘ fuqarolarni vaqtincha tashrif buyurmay turishlarini tavsiya etish);

•    masjidlarda juma namozini vaqtincha ado etmaslik;

•    hududiy Sanitariya-epidemiologiya xizmati xodimlari tomonidan masjidlarning barcha xodimlari bilan tushuntirish ishlarini tashkil etish;

•    ushbu xizmat tomonidan belgilangan muddatda (har 3 kunda yoki haftada bir marotaba) masjidlardagi sanitariya-epidemiologik holatni o‘rganish va tavsiyalar berish;

•    masjidlar binolari va hududini har kuni dezinfeksiya qilish, xonalarni shamollatish;

•    masjidga kirish va chiqish joylarida aholining to‘planishiga qat’iy yo‘l qo‘ymaslik;

•    tahoratxonadan faqat zarur sharoitlar yaratilgan (bir martalik sochiq-salfetka, antiseptik vositalar, suyuq sovunlar bilan ta’minlash, qisqa muddatlarda dezinfeksiya qilish), ijtimoiy masofalanishni saqlagan holda foydalanish.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston musulmonlari idorasi

Baholaganlar

86

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing