Qozog‘istonda mast holda avtomobil boshqargan imom 15 sutkaga qamaldi
Olam
−
25 iyul
30558Qozog‘istonda avtotransport vositasini mast holda boshqargan Qo‘stanay viloyati Bosh imomi Baxitbek Tajimbet 15 sutkaga qamaldi. Bu haqda mamlakat Musulmonlar diniy boshqarmasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, joriy yilning 23 iyul kuni Baxitbek Tajimbet Oqmo‘la viloyatining Burabay qishlog‘idagi tungi klublardan birining yonida Toyota Highlander rusumli avtomashinani mast holatda haydab ketayotganda to‘xtatib qolingan.
“Huquqiy normalar va odob-axloq qoidalarini qo‘pol ravishda buzgan shaxslar diniy sohada ishlashdek ma’naviy huquqga ega emas. Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi sodir bo‘lgan voqeani katta taassuf bilan qabul qilib, mamlakat musulmonlaridan uzr so‘raydi. Alloh barchamizni yomon va afsusli ishlarga yetaklovchi nafsimizdan saqlasin”, deyilgan xabarda.
Keltirilishicha, mamlakat muftiyati imomning qilgan ishi uchun uni lavozimidan chetlatib, barcha musulmonlardan uzr so‘ragan. Sud Tajimbet Baxitbek Nurgabilovichni Qozog‘iston Respublikasi Jinoyat kodeksining 608-moddasi (Alkogolli, giyohvandlik va yoki har xil moddalar mastligi holatida bo‘lgan haydovchi tomonidan transport vositasini boshqarish, shuningdek, transport vositasini boshqarishni alkogol, giyohvand moddalar ta’sirida bo‘lgan shaxsga topshirish) 1-qismi bilan aybdor deb topgan hamda unga nisbatan 15 sutka qamoq va 7 yilgacha haydovchilik guvohnomasidan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Biroq tergov jarayonida imomning aybi isbotlansada, u sudda o‘z aybini tan olmagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyaning Dzerjinskiy shahrida granata ko‘targan noma’lum shaxs namozxonaga bostirib kirib, uni portlatishga uringani xabar qilingandi.