Mast holatda avtomobil boshqarganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilanmoqda

Jamiyat

image

Transport vositalarini mast holatda boshqarish yoki tekshiruvdan o‘tishdan bo‘yin tovlash jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkin. Bu haqda bugun, 28 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida so‘z bordi. 

Yig‘ilishda deputatlar “Yo‘l harakati xavfsizligi tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi, Jinoyat-protsessual kodeksi va O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonun loyihasini muhokama qildi. 

Unda so‘zga chiqqan Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Bekmurod Abdullayevning ma’lum qilishicha, qonun loyihasiga ko‘ra, Jinoyat kodeksiga 5 ta qo‘shimcha modda kiritilishi nazarda tutilmoqda. Bular  227-1, 228-2, 261-1, 261-2, 262-1-moddalari bo‘lib, tegishliligi bo‘yicha quyidagicha:

•    avtotransport vositalari va ular tirkamalarining davlat raqam belgilari va yoxud identitsikatsiya raqamlarini qonunga xilof ravishda tayyorlash, o‘tkazish yoki undan foydalanish, shuningdek, uni qalbakilashtirish;

•    avtotransport vositalari va shahar elektr transport vositalari haydovchilari hamda traktorchi mashinistlarini tayyorlash va qayta tayyorlash, shuningdek, imtihonlarni o‘tkazish va guvohnoma berish tartibini buzish;

•    transport vositalarini mast holatda boshqarish yoki tekshiruvdan o‘tishdan bo‘yin tovlash;

•    transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etilgan shaxs transport vositasini boshqarishi;

•    siqilgan tabiiy gazda, suyultirilgan neft gazida yoki dizel va gazsimon yoqilg‘i aralashmasida ishlaydigan transport vositalaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalarini buzish.

Majlisda ma’lum qilinishicha, so‘nggi yillarda ayrim haydovchilar tomonidan yo‘l harakati qoidalariga amal qilmaslik oqibatida yo‘l-transport hodisalari soni ortib bormoqda. Jumladan, transport vositasini mastlik holatda boshqarish bilan haydovchi o‘zining harakatini anglay olmasligi oqibatida og‘ir oqibatli yo‘l-transport hodisalari sodir bo‘lmoqda.

Ayrim haydovchilar tomonidan yo‘l harakati qoidalariga bepisandlik bilan qarash, transport boshqarish madaniyatiga rioya qilmaslik, yo‘l harakatining boshqa qatnashchilariga nisbatan hurmatsizlik, transport vositasini keskin boshqarish hamda boshqa harakatlarda ifodalanadigan “agressiv boshqarish” holatlari ko‘paymoqda.

“Mazkur qonun loyihasi yo‘l harakati ishtirokchilarning yo‘l harakati qoidalariga qat’iy amal qilishini ta’minlash hamda og‘ir oqibatli yo‘l-transport hodisalarning oldini olishga xizmat qiladi”, deyiladi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi axborotida.

Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.

Eslatib o‘tamiz, ushbu qonun bilan O‘zbekistonda yo‘llarda qoidabuzarlik sodir etganlik uchun jarima ballari hisoblash tizimini joriy etilishi kutilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi yo'l harakati qoidalari Bekmurod Abdullaev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing