Maskning raketasi yana portladi (video)

Texnologiya

image

Amerika Qo‘shma Shtatlarida SpaceX kompaniyasiga tegishli Starship raketasining ikkinchi sinovi muvaffaqiyatsiz yakunlandi: raketa uchirilganidan bir necha daqiqa o‘tib havoda portlab ketdi. Bu haqda TASS xabar berdi. 

Kompaniya birinchi muvaffaqiyatsiz sinovdan so‘ng, qayta urinib ko‘rishga qaror qilgandi. Raketaning parvozi 18 noyabr kuni X ijtimoiy tarmog‘ida jonli efirga uzatildi. Ammo raketa samoga ko‘tarilishi bilan bir necha daqiqa o‘tib, yana portlab ketdi. 

"Biz ikkinchi imkoniyatni ham boy berdik. Ikkinchi bosqichda parvozni avtomatik tugatish tizimi ishga tushirildi", deydi ko‘rsatuv boshlovchilaridan biri bo‘lgan SpaceX kompaniyasining mutaxassisi.

Uchirish Texasdagi Boka Chiko kosmodromidan mahalliy vaqt bilan 07:02 da amalga oshirildi. Kompaniyaning rejalariga ko‘ra, Starship Yer atrofida to‘liq bo‘lmagan orbitani aylanib, Gavayi orollariga qo‘nishi kerak edi. 

Muvaffaqiyatsiz sinovga qaramay kompaniya vakillari ushbu amaliyot foydali bo‘lganini aytmoqda. 

"Bugungi sinov Starship'ning ishonchliligini yanada oshirishga yordam beradi", deb yozadi kompaniya X ijtimoiy tarmog‘ida.

O‘z navbatida, AQSH Milliy Aeronavtika va kosmik ma’muriyati direktori Bill Nelson ushbu loyiha bo‘yicha ishlar hali o‘z yakuniga yetmaganini qayd etdi. 

"Bugungi sinovda muvaffaqiyatga erishgan jamoalarni tabriklayman. Koinotga parvoz – bu qat’iyat va dadil innovatsiyalarni talab qiladigan sarguzasht. Bugungi tajriba yana parvoz qilish uchun imkoniyatdir", deb yozgan u ijtimoiy tarmoqda.

Eslatib o‘tamiz, SpaceX 20 aprelda amalga oshirgan avvalgi uchirilishi ham muvaffaqiyatsiz yakunlangandi. O‘shanda 120 metrli raketa 38 km balandlikka ko‘tarilgan va uchirilgandan taxminan 2,5 daqiqadan o‘tib, nazoratsiz aylana boshlagan, yana 1,5 daqiqadan so‘ng portlash sodir bo‘lgandi.


Maqola muallifi

Teglar

raketa SpaceX Mask Starship

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing