Mask moliyaviy piramida qurishda ayblanmoqda

Olam

image

Amerikalik milliarder, “Tesla” va “SpaceX” kompaniyalari rahbari Ilon Mask Dogecoin kripto-valyutasini ilgari surgani uchun sudga tortildi. Da’vogar undan tovon puli sifatida 258 milliard dollar talab qilmoqda. Bu haqda “Bloomberg” xabar berdi.

Da’vogar Keyt Jonsonning ta’kidlashicha, Mask va uning kompaniyalari Dogecoin qiymatini oshirish uchun moliyaviy piramida yaratgan. Ya’ni u mazkur kripto-valyuta savdosidan foyda olish maqsadida uni odamlar orasida targ‘ib qilgan.

“Ayblanuvchilar noto‘g‘ri tarzda Dogecoin hech qanday qiymatga ega bo‘lmasa ham, uning qonuniy sarmoya ekanligini da’vo qilmoqda”, degan Jonson Manxetten federal sudiga bergan shikoyatida.

Da’vogar Dogecoin savdosini AQSH va Nyu-York qonunlariga ko‘ra, qimor o‘ynashga teng deb hisoblaydi, shuning uchun sud Mask, “Tesla” va “SpaceX”ga ushbu kriptovalyutani targ‘ib qilishni taqiqlashi kerak. Kompaniyalar hozircha bu borada izoh bermagan.

Joriy yil davomida Dogecoin qiymati taxminan 67 foizga tushib ketdi, endi tanga 0,05 dollarga teng. O‘tgan yilning may oyida Dogecoin $0,7 dan oshdi, ammo keyin pasayishni boshladi. Mazkur kripto-valyuta 2013 yilda hazil sifatida paydo bo‘lgan, biroq Ilon Mask buni jiddiy qabul qilgan – tadbirkor Dogecoin’dan “Tesla” tovarlarini sotib olishda foydalanish mumkinligini aytgan.


Maqola muallifi

Teglar

SpaceX Tesla Mask

Baholaganlar

238

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing