Mask ChatGPT yaratuvchilarini manfaatparastlikda ayblab, sudga berdi
Olam
−
01 mart
3809Amerikalik milliarder Ilon Mask OpenAI kompaniyasi hamda uning hammuassislari Sem Altman va Greg Brokmanni sudga berdi. Bu haqda “Tech.onliner” nashri xabar berdi.
Tadbirkorning so‘zlariga ko‘ra, ChatGPT yaratuvchilari unga bergan va’dalaridan voz kechib, endilikda insoniyatga fidokorona yordam berish o‘rniga foyda olish maqsadini ko‘zlamoqda. Jumladan, 2015 yilda Altman va Brokman uni sun’iy intellekt startapini moliyalashtirishga ko‘ndirib, OpenAI notijorat tashkilot bo‘lib qolishiga va’da bergan. Biroq, da’voga ko‘ra, kompaniya tijorat modeliga o‘tgan va Microsoft'ning amaldagi bo‘linmasiga aylangan. Shuningdek, AI'dan insoniyat manfaati uchun emas, balki o‘z daromadlarini oshirish yo‘lida foydalangan.
"Bu jirkanch xiyonat", deydi OpenAI'ga 44 million dollardan ortiq sarmoya kiritgan milliarder.
Endi u suddan kompaniyani asl missiyasiga rioya qilishga majburlashni, unga ChatGPT4 kabi sun’iy intellekt tizimlarini monetizatsiya qilish va litsenziyalashni taqiqlashni so‘ramoqda.
Ta’kidlanishicha, ilgari milliarder o‘zining WO tizimiga ega yangi noutbuki Microsoft akkauntini ro‘yxatdan o‘tkazmasdan turib, mutlaqo yaroqsiz ekanini aytgan edi. Shuningdek, u avvallari tartib majburiy bo‘lmaganiga, endi esa ro‘yxatdan o‘tmaslikning iloji yo‘qligiga e’tibor qaratgan. Da’vo natijalari hali rasman e’lon qilinmagan.
Ma’lumot uchun, ChatGPT OpenAI tomonidan yaratilgan va 2022 yil 30 noyabrda ishga tushirilgan chatbot. Katta til modeliga asoslanib, u foydalanuvchilarga suhbatni kerakli uzunlik, format, uslub va darajaga yo‘naltirish imkonini beradi. Tezkor muhandislik deb nomlanuvchi ketma-ket takliflar va javoblar suhbatning har bir bosqichida kontekst sifatida ko‘riladi.
2023 yil yanvariga kelib, u 100 milliondan ortiq foydalanuvchiga ega bo‘lgan va OpenAI bahosining 29 milliard dollargacha o‘sishiga hissa qo‘shib, tarixdagi eng tez rivojlanayotgan iste’molchi dasturiy ta’minotiga aylandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq turli tadbirkorlar va venchur kapital fondlari ta’sischilari OpenAI`ga sarmoya kiritgani, jumladan Microsoft 2019 va 2021 yillarda dasturga milliardlab dollar sarmoya kiritgani haqida ma’lumot bergandik.
Madina Otaboyeva
LiveBarchasi