Ilon Maskning kompaniyasi AQSH razvedkasi uchun josuslik tarmog‘ini yaratmoqda
Texnologiya
−
17 mart
6396Ilon Maskga tegishli SpaceX kompaniyasi Amerika razvedkasi bilan maxfiy shartnoma doirasida yuzlab josuslik sun’iy yo‘ldoshlari tarmog‘ini qurmoqda. Bu haqda kecha, 16 mart kuni manbalarga tayanib, "Reuters" xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, kompaniya 2021 yilda Pentagon qoshidagi AQSH Harbiy kosmik razvedka milliy boshqarmasi bilan imzolagan 1,8 milliard dollarlik shartnomaga asosan Starshield (foydalanuvchilarga internetga kirishni ta’minlab beruvchi bo‘lim) tarmoqni yaratish uchun mas’uldir. "Reuters" bu bilan AQSH Mudofaa vazirligi quruqlikdagi kuchlarni qo‘llab-quvvatlash uchun mo‘ljallangan past orbitali sun’iy yo‘ldosh tizimlariga katta sarmoya kiritganiga ishora qilmoqda.
Agentlik suhbatdoshlariga ko‘ra, agar ish muvaffaqiyatli bo‘lsa, SpaceX tarmog‘i AQSH Qurolli Kuchlarining Yerning deyarli istalgan nuqtasida potensial nishonlarni tezda aniqlash imkoniyatlarini sezilarli darajada kengaytiradi.
Shartnomaga ko‘ra, kompaniya past orbitalarda yagona tizim sifatida ishlay oladigan yuzlab sun’iy yo‘ldoshlar bilan yangi razvedka dasturini yaratmoqda. Bu Amerika harbiy departamentiga tezda sayyoraning deyarli istalgan nuqtasining yuqori sifatli tasvirlarini olish imkonini beradi.
"Bundan hech kim yashirina olmaydi", degan "Reuters" manbalaridan biri razvedka tarmog‘ining imkoniyatlarini tasvirlab.
Qayd etilishicha, 2020 yildan buyon o‘nga yaqin prototipli razvedka sun’iy yo‘ldoshlari uchirilgan. Starshield o‘z mijozlarini uzluksiz internet bilan ta’minlash uchun mas’ul bo‘lgan 5500 ga yaqin sun’iy yo‘ldoshga ega SpaceXning Starlink tijorat tarmog‘idan ajralib turadi.
Nashr yangi razvedka yo‘ldoshlari tarmog‘i qachon ishga tushishi haqida ma’lumot bermadi. SpaceX ham ushbu ma’lumotga izoh berish so‘rovlariga javob qaytarmagan.
LiveBarchasi