Mask Apple va OpenAI’ni sudga berdi

Olam

image

Milliarder tadbirkor Ilon Maskning sun’iy intellekt startapi xAI kecha, 25 avgust kuni AQSHning Texas shtat federal sudida Apple (AAPL.O) va ChatGPT yaratuvchisi OpenAI’ni sun’iy intellekt sohasidagi raqobatni yo‘qotish uchun noqonuniy til biriktirishda ayblab, sudga berdi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Da’voda ta’kidlanishicha, Apple va OpenAI “bozorlarni o‘z nazoratida saqlab, monopoliyalarini saqlab qolish va X hamda xAI kabi yangilik kirituvchilarning raqobatini oldini olish uchun kelishib olgan”. Apple, OpenAI bilan hamkorlikda, iPhone, iPad va Mac operatsion tizimlariga ChatGPT’ni integratsiya qilgan.

“Agar OpenAI bilan eksklyuziv kelishuv bo‘lmaganida, Apple’da X ilovasi va Grok ilovasini App Store’da kengroq namoyish etmaslik uchun hech qanday sabab bo‘lmas edi”, deyiladi da’voda.

xAI sud orqali milliardlab dollarlik moddiy zarar undirishni talab qilmoqda.

OpenAI matbuot kotibi esa “bu yangi ariza Maskning davomiy tazyiq va bezovta qilish yo‘nalishidagi harakatlariga mos kelish”ini aytgan. Apple esa izoh berishdan bosh tortdi.

Mask esa kecha, 25 avgust kuni o‘zining ijtimoiy tarmog‘i X orqali sud da’vosidagi ayblovlarni takrorlab, shunday yozdi:

“Grok uchun millionlab sharhlar, o‘rtacha 4.9 reyting, lekin Apple hali-hanuz Grok’ni hech qaysi ro‘yxatda tilga olmaydi”.

Mask shu oy boshidayoq Apple’ni sudga berish bilan tahdid qilgan va X’da: “Apple’ning bu xatti-harakati OpenAI’dan boshqa hech qaysi AI kompaniyasining App Store’da birinchi o‘ringa chiqishini imkonsiz qiladi”, deb yozgan edi.

OpenAI’ning ChatGPT ilovasi 2022 yil oxirida ishga tushirilgandan keyin tarixdagi eng tez o‘suvchi iste’molchi ilovasiga aylandi.

Maskning xAI kompaniyasi mart oyida X’ni 33 milliard dollarga sotib olgan bo‘lib, bu chat-botlarni o‘qitish imkoniyatlarini oshirish uchun qilingan. Mask o‘zining elektromobil ishlab chiqaruvchi kompaniyasi Tesla (TSLA.O) mashinalariga ham Grok chat-botini integratsiya qildi.

xAI ikki yildan kam vaqt oldin ishga tushirilgan bo‘lib, Microsoft qo‘llab-quvvatlayotgan OpenAI hamda Xitoyning DeepSeek startapi bilan raqobat qiladi.

Antimonopoliya huquqi bo‘yicha mutaxassislar fikricha, Apple’ning smartfon bozoridagi kuchli mavqei xAI’ning da’volarini qo‘llab-quvvatlashi mumkin. Chunki u iPhone sotishni OpenAI’ning ChatGPT’si bilan noqonuniy bog‘layotgani aytiladi.

Biroq ularning aytishicha, Apple o‘zini himoya qilib: OpenAI bilan hamkorlik qilish – raqobat muhitidagi biznes qarori, raqiblarga bozorda ulush berish – uning majburiyati emas, deyishi mumkin. Shuningdek, xavfsizlik yoki texnik sabablarga ko‘ra, AI’ni operatsion tizimga integratsiya qilish zarurligini ham aytishi mumkin.

Umuman olganda, bu sud ishi AQSH sudlari uchun birinchi marta sun’iy intellekt uchun aniq bozor mavjudmi va u nimaga kirishi masalasini ko‘rib chiqish imkonini beradi.

“Bu sud ishi qo‘rg‘on ichidagi kanareyka kabi. Sudlar AI va antimonopoliya huquqini qanday baholashini ko‘rsatib beradi”, dedi Baffalo universiteti huquq professori Kristin Bartolomyu.

Mask ayni paytda Kaliforniya federal sudida OpenAI va uning rahbari Sem Altmanga qarshi alohida sud ishi qo‘zg‘atgan bo‘lib, u tashkilotning notijoratdan tijoratchiga aylanishini to‘xtatishni talab qilmoqda. Mask OpenAI’ga 2015 yilda Altman bilan birga notijorat sifatida asos solgan.

Apple’ning App Store amaliyoti ko‘plab sud ishlariga sabab bo‘lgan. Masalan, hozirgacha davom etayotgan Epic Games (Fortnite) ishida sud Apple’ga ilovalar uchun to‘lov variantlarida raqobatni oshirishni buyurgan.

Jahongir Boltaboyev


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

iPhone Apple Ilon Mask ChatGPT OpenAI xAI X Epic Games Fortnite

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing