Mask ham Trampning izidan Xitoyga boradi

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Trampning Xitoyga amalga oshiradigan tashrifida Amerikaning yirik kompaniyalari rahbarlari ham ishtirok etadi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, milliarderlar Ilon Mask, Tim Kuk, Larri Kalp hamda Kelli Ortberg delegatsiya tarkibidan o‘rin olgan. Shuningdek, tadbirda Meta vakili Dina Pauell Makkormik, BlackRock rahbari Larri Fink, Blackstone bosh direktori Stiven Shvarsman, Micron rahbari Sanjay Mehrotra, Mastercard bosh direktori Maykl Mibax, Qualcomm rahbari Krishtiano Amon hamda Visa bosh direktori Rayan Makinerni ham qatnashadi.

Cisco bosh direktori Chusk Robbins ham safarga taklif qilingan, biroq kompaniya shu hafta moliyaviy hisobotlari e’lon qilinishi sabab direktorning tashrifda qatnasha olmasligi aytilgan.

AQSH va Xitoy savdo hamda investitsiyalarni yengillashtirish bo‘yicha yangi forumlar tashkil etishni muhokama qilmoqda. Shuningdek, Pekin tomonidan Boeing samolyotlari, AQSH qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va energetika sohasiga oid yirik xaridlar e’lon qilinishi mumkin. Manbalarga ko‘ra, Xitoy va Boeing o‘rtasida 500 tagacha 737 MAX samolyotlarini yetkazib berishni nazarda tutuvchi yirik shartnoma yuzasidan muzokaralar davom etmoqda. Bitim amalga oshsa, bu Xitoyning 2017 yildan buyon Boeing’dan ilk yirik buyurtmasi bo‘ladi.

Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin va Donald Tramp o‘rtasidagi so‘nggi uchrashuv o‘tgan yil oktyabr oyida Janubiy Koreyada bo‘lib o‘tgan edi. Unda tomonlar savdo urushi keskinligini kamaytirish bo‘yicha kelishuvga erishgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp joriy yilning 13–15 may kunlari Xitoyga davlat tashrifi bilan borishi to‘g‘risida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Xitoy Tramp tashrif Ilon Mask

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing