Ektor Kuper va o‘zbek sporti afsonalari talabalar bilan uchrashdi

Sport

image

Bugun, 13 aprel kuni O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Ektor Kuper va bir qator o‘zbek sporti afsonalari Toshkent Davlat iqtisodiyot universiteti talabalari bilan uchrashdi. Bu haqda MOQ xabar bermoqda.

Mazkur tadbir O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, TDIU bilan hamkorlikda tashkil etilib, yoshlarni sportga keng jalb etish va ommaviy sportni talabalar orasida targ‘ib qilish bosh g‘oya sifatida olib chiqildi.

Tantanali tadbirda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti Umid Ahmadjonov va oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Inomjon Majidov ham ishtirok etdi.

Mazkur festival mini-futbol, stol tennisi, boks va shaxmat sport turlari bo‘yicha tashkil etildi. Keskin va murosasiz kechgan bellashuvlar yakunida g‘olib va sovrindor bo‘lgan sportchilar tashkilotchilarning qimmatbaho sovg‘alari bilan taqdirlanishdi. Shuningdek, tadbirda futbol bo‘yicha ayollar olimpiya terma jamoasi, Olimpiya o‘yinlari va jahon chempioni Muhammadqodir Abdullayev, boks bo‘yicha jahon chempioni va Olimpiya o‘yinlari sovrindori O‘tkirbek Haydarov, Osiyo o‘yinlari g‘olibi Bekzod Xidirov, professional boks bo‘yicha “WBS Silver” kamar sohibi Qudratillo Abduqahhorov, stol tennisi bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Saida Mahmudova kabi sportimiz yulduzlarining ishtiroki va ular ijrosida tashkil etilgan master-klass yig‘ilgan muxlislarda bir olam taassurot qoldirdi.

Qiziqarli o‘tgan futbol musobaqasining final bellashuvini Jahon chempionatlari rekordchisi Ravshan Ermatov boshqarib bordi.

“Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti o‘zbek sportida o‘z o‘rniga ega. Ushbu oliy o‘quv-yurtining talabalari sportsevar. Universitet rahbariyati yoshlar sport festivalini o‘tkazish borasida tashabbus bilan chiqishganida, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi bu taklifni qo‘llab-quvvatladi. Muxtaram yurtboshimiz ham yoshlar orasida sportni rivojlantirish, ularni ommaviy tarzda jismoniy tarbiya va sportga jalb etish masalasida oldimizga aniq maqsad va vazifalarni belgilab berganlar. Shunday ekan, kelajakda bu sport tadbirini kengaytirib, uni o‘tkazishni an’anaviy tarzda yo‘lga qo‘yamiz”, deb aytib o‘tdi Umid Ahmadjonov.

Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi, argentinalik jahonga mashhur mutaxassis Ektor Kuper festival ishtirokchilarini qutlar ekan, bu kabi tadbirlar ommaviy sportni rivojlantirish, yoshlarni jismoniy tarbiya va sportga jalb etish va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishda beqiyos ahamiyat kasb etishini ta’kidlab o‘tdi.


Maqola muallifi

Teglar

MOQ

Baholaganlar

40

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing