Mashhur moda blogeri vafot etdi
Olam
−
22 iyun 57576 2 daqiqa
Kecha, 21 iyun kuni Turkiyada ijtimoiy tarmoq yulduzi sifatida mashhurlikka erishgan Nihal Jandan 30 yoshida hayotdan ko‘z yumdi. Bu haqda “Hurriyet” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, u bir necha kundan beri shifoxonada jonlantirish bo‘limida davolanayotgan bo‘lgan.
Asl ismi Gulnihal Chichek bo‘lgan Nihal Jandan 1995 yilning 15 iyun kuni Mersin shahrida tug‘ilgan. U Istanbul Beykent universitetining huquq fakultetida tahsil olgan. 2014 yilda TV8 kanalida efirga uzatilgan “Bu Tarz Benim” nomli moda tanlovi orqali ommaga tanilgan. Uning Bahar Jandan bilan birgalikdagi chiqishlari ularga “Candan opa-singillar” degan nomni olib kelgan.
2023 yilning noyabr oyida Nihal va singlisi Bahar Jandan firibgarlik va pul yuvish ayblovlari bilan hibsga olingan edi. Qamoqxonada u jiddiy sog‘liq muammolariga duch keldi va unga anoreksiya nervoza tashxisi qo‘yildi. Bu kasallik ortidan u avval 37 kggacha, keyinchalik esa 23 kggacha ozib ketdi. Shu sababli sog‘lig‘i yomonlashgani bois jazoni ijro etish muassasasidan shartli ravishda ozod etildi.
Ammo ozib ketish jarayoni to‘xtamadi. Reanimatsiyaga yotqizilgan Jandan og‘ir ahvolda hayot uchun kurash olib borgan.
Ma’lumot uchun, Nihal Jandan o‘zining moda va ijtimoiy tarmoqdagi faoliyati bilan ko‘plab yoshlar orasida tanilgan. U nafaqat televideniye orqali, balki o‘zining raqamli platformalardagi chiqishlari bilan ham katta auditoriyani qamrab olgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq braziliyalik serial aktyori Fransisku Kuoku 91 yoshida San-Pauluda vafot etgandi.