Mas’ul lavozimga tayinlanadigan shaxslardan o‘zbek tilini bilish sertifikati talab etiladi
Jamiyat
−
20 Oktabr 2020
9473O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilindi.
Farmonga muvofiq:
Vazirlar Mahkamasi uch oy muddatda lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga to‘liq o‘tishni ta’minlash maqsadida ishchi guruhi tashkil qiladi va aniq chora-tadbirlarni nazarda tutuvchi “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqib, Prezident Administratsiyasiga kiritadi:
2021 yil 1 apreldan boshlab o‘zbek tili va adabiyoti bo‘yicha bilimni baholashning milliy test tizimi asosida rahbar kadrlarning davlat tilida rasmiy ish yuritish darajasi aniqlanadi hamda mas’ul lavozimlarga tayinlanadigan shaxslar uchun davlat tilini bilish bo‘yicha daraja sertifikatlari joriy etiladi;
Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazida o‘zbek adabiy tili me’yorlari va davlat tilida ish yuritish bo‘yicha qisqa muddatli (1–2 oygacha) o‘quv kurslari muntazam ravishda tashkil etiladi.
O‘zbek tilidagi mavjud lug‘atlar asosida uzluksiz ta’limning barcha turlari uchun quyidagi o‘quv lug‘atlarini yaratish choralari ko‘riladi, shu jumladan:
• ko‘p jildli “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”ning to‘ldirilgan yangi nashri (kirill va lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida);
• “O‘zbek tilining imlo lug‘ati”;
• “O‘zbek tili sinonimlari lug‘ati”;
• “O‘zbek tili sinonimlarining katta izohli lug‘ati”;
• “O‘zbek tili frazeologizmlarining katta izohli lug‘ati”;
• “O‘zbek tili omonimlari lug‘ati”.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan o‘zbek tilidan jahonning yetakchi xorijiy tillariga va xorijiy tillardan o‘zbek tiliga tarjima qiluvchi kompyuter dasturi yaratiladi.
Shuningdek, 2021 yil 1 yanvardan boshlab markaziy telekanallarda “Tilga e’tibor”, “Ona tilida so‘zlashamiz”, “Notiqlik mahorati”, “Til – millat ko‘zgusi”, “Kitob bilim manbai”, “Bilimli yoshlar – kelajak bunyodkori” kabi turkum ko‘rsatuv va eshittirishlar tashkil qilinadi.
LiveBarchasi