Marsda 3,7 mlrd yillik uglerod zanjirlari topildi
Olam
−
25 mart
4131Fransiyaning Milliy ilmiy tadqiqotlar markazi (CNRS) olimlari AQSH, Meksika va Ispaniyadagi hamkasblari bilan birga Marsda shu kungacha topilgan eng uzun organik zanjirlarni aniqladi. Tadqiqot natijalari PNAS jurnalida e’lon qilindi.
Qayd etilishicha, kashfiyot NASA'ning Curiosity marsoxodi yordamida amalga oshirilgan. Ushbu marsoxod 2012 yildan buyon Quyosh tizimidagi to‘rtinchi sayyoradagi Geyl kraterini o‘rganmoqda. Topilgan namunalar geologik faollikning yo‘qligi va past harorat tufayli yaxshi saqlanib qolgan. Ularning yoshi 3,7 milliard yilga teng – bu davrda Yerda hayot endigina paydo bo‘la boshlagan edi.
Uglerod zanjirlari 12 ta uglerod atomidan iborat bo‘lib, ularning xususiyatlari Yerda biologik jarayonlar natijasida hosil bo‘ladigan yog‘ kislotalariga o‘xshaydi. Bu topilma Marsda hayotga o‘xshash organik birikmalarni izlashga yo‘naltirilgan keyingi missiyalar uchun yangi yo‘l ochib beradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq xalqaro olimlar guruhi Marsda qadimda muzdan holi suv havzalari mavjud bo‘lganini tasdiqlovchi to‘lqin izlarini aniqlagan edi. Ushbu izlar tosh jinslarda saqlanib qolgan bo‘lib, ular taxminan 3,7 milliard yil avval Marsning iqlimi suvni yuzada suyuq holda saqlash uchun yetarli darajada iliq va zich bo‘lgan davrda paydo bo‘lgan.
LiveBarchasi