Marokashdagi zilzila qurbonlari 1000 dan oshdi
Olam
−
09 Sentabr 2023 4767 1 daqiqa
Marokashda 9 sentyabrga o‘tar kechasi sodir bo‘lgan zilzila oqibatida 1037 kishi halok bo‘ldi, yana 1024 kishi jarohat oldi. Bu haqda “Al Arabiya” telekanali xabar berdi.
Unga ko‘ra, hozirda jarohatlangan 1024 kishidan 721 nafarining ahvoli og‘ir.

“Tibbiyot muassasalari aholini jabrlanganlarga yordam berish uchun qon topshirishga chaqirmoqda”, deyiladi xabarda.
Mahalliy internet nashrlarida zilzila oqibatida epimarkazga eng yaqin joylashgan yirik shahar – Marokashda turar joylar va boshqa binolar qulab tushgani, UNESCO Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan eski shahardagi tarixiy bino va masjidlar shikastlangani, avtomobillar yakson bo‘lgani aks etgan tasvirlar e’lon qilinmoqda.

Hozirda, qutqaruv xizmatlari xarobalarni tozalash ishlarini davom ettiryapti. Zilzila ta’sir qilgan hududlarda mobil aloqa va elektr energiyasi ta’minotida muammolar kuzatilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Marokash Podshohi Muhammad VI ga mamlakat hududida yuz bergan tabiiy ofat oqibatida odamlar halok bo‘lgani yuzasidan ta’ziya yo‘llagani haqida xabar berilgan edi.