Marokashda zilzila qurbonlari keskin oshdi
Olam
−
09 Sentabr 2023 5818 3 daqiqa
Avvalroq Marokashda 6,8 magnitudali zilzila sodir bo‘lishi oqibatida 632 kishi halok bo‘lgani haqida xabar bergan edik. Yangilangan ma’lumotlarga ko‘ra, zilzila oqibatida kamida 1037 kishi halok bo‘lgan, 672 dan ortiq kishi esa jarohatlangan. Bu haqda “Al Jazeera” xabar berdi.
Marokash davlat televideniyasining mamlakat Ichki ishlar vazirligiga tayanib ma’lum qilishicha, 205 nafar jarohatlanganlarning ahvoli ayni paytda og‘ir.
Zilzila o‘chog‘iga yaqin joylashgan “Asni” qishlog‘ida yashovchi Montasir Itrining aytishicha, u yerdagi aksariyat uylar vayron bo‘lgan.
“Qo‘shnilarimiz vayronalar ostida qoldi. Odamlar qishloqdagi mavjud vositalar yordamida ularni qutqarish uchun astoydil harakat qilmoqda”, dedi u.
Zilzila epimarkaziga eng yaqin yirik shahar bo‘lgan Marrakesh aholisining aytishicha, UNESCO’ning Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan eski shaharda ba’zi binolar qulab tushgan.
Ichki ishlar vazirligining televideniya orqali bergan bayonotida zilzila Al-Hauz, Uarzazat, Marrakesh, Azilal, Chichaua va Tarudant provinsiyalarida sodir bo‘lganini aytib, xotirjamlikka chaqirgan.
“Qirollik Qurolli Kuchlari, mahalliy hokimiyat organlari, xavfsizlik xizmatlari fuqaro muhofazasiga zarur yordam ko‘rsatish va etkazilgan zararni baholash uchun barcha vositalari, imkoniyatlarni safarbar qilishda davom etmoqda”, dedi Ichki ishlar vazirligi vakili.
Amerika Qo‘shma Shtatlarining Geologik xizmati (USGS) ma’lumotlariga ko‘ra, zilzila kecha, 8 sentyabr kuni kechqurun mahalliy vaqt bilan soat 22:00 dan keyin sodir bo‘lgan. Zilzila epimarkazi mamlakatning to‘rtinchi yirik shahri bo‘lgan Marrakeshdan 75 km (44 milya) uzoqlikda joylashgan Atlas tog‘larida bo‘lgan. 120 yildan buyon bu darajadagi katta zilzila kuzatilmagan.
“1900 yildan buyon ushbu zilziladan 500 km masofada 6 balli yoki undan kattaroq zilzilalar bo‘lmagan va faqat to‘qqizta 5 balli va undan kattaroq zilzilalar sodir bo‘lgan. Avvalgi zilzilalarning aksariyati sharqda ham kuzatilgan”, deyiladi USGS o‘z veb-saytida.
Iordaniyadagi seysmologiya professori Eid al-Taraziyga ko‘ra, bu hududda yana yuzlab yerosti silkinishlari yuz berishi mumkin.
“Odamlar binolardan uzoqroq turishlari kerak, chunki ular qulashi mumkin. Biz zilzilalar uch-to‘rt hafta davom etishini kutmoqdamiz”, deydi u.
Mahalliy OAV esa zilzila o‘chog‘i atrofidagi tog‘li hududga olib boradigan yo‘llar transport vositalari bilan tiqilib qolgani, qulagan toshlar bilan to‘sib qo‘yilgani, qutqaruv ishlarini sekinlashgani haqida xabar bergan.
Shahar hokimi Abdurahim Dovudning aytishicha, bir nechta uylar to‘liq qulab tushgan, ayrim joylarda elektr va yo‘llar uzilib qolgan.
Shuningdek, u rasmiylar tez yordam mashinalari va jabrlangan aholiga yordam ko‘rsatish uchun al-Hauz viloyatida yo‘llarni tozalash ustida ish olib borayotganini, zararni to‘liq o‘rganish uchun ko‘p vaqt ketishini ta’kidlagan.
Mazkur voqealar ortidan Germaniya kansleri Olaf Shols X platformasida hamdardlik bildirdi. Ayni damda dunyoning eng yirik iqtisodchilarining G20 sammitiga mezbonlik qilayotgan Hindiston bosh vaziri Narendra Modi esa Hindiston ushbu qiyin davrda Marokashga har tomonlama yordam berishga tayyor ekanligini bildirdi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti vakili ham BMT Marokash hukumatiga zarar ko‘rgan aholiga yordam berishga tayyor ekanini aytib chiqdi.
Ma’lumot uchun, Marokashda oxirgi marta kuchli zilzila 2004 yilda sodir bo‘lgan. Unda 600 dan ortiq odam halok bo‘lgandi. “Al-Xoseyma” deb nomlangan ushbu zilzila mamlakatning shimoliy qirg‘og‘ida – G‘arbiy O‘rta Yer dengizi bilan chegaradosh faol hududda kuzatilgan bo‘lib, 6,3 magnitudali silkinishni hosil qilgan.