Marokashda 50 yil ichida ilk bor qor yog‘di (video)
Olam
−
02 yanvar
8063Marokashda 50 yil ichida birinchi marta qor yog‘di. Bu haqda “Maghreb Arabe Press” telekanali xabar berdi.
Qayd etilishicha, mamlakatning markaziy, janubi-sharqiy va janubiy hududlaridagi bir qancha viloyatlarda sovuq ob-havo kuzatilib, qor va kuchli yomg‘ir yoqqan. Qalin qor qatlami ayrim joylarda 35-40 sm balandlikka yetgan. Azilal, Beni-Mellal, Ifron, Midelt, Tarudant, Tinghir, Uarzazat va El-Haouz viloyatlaridagi keng hududlarni qor qoplagan. Ayrim joylarda havo harorati -5 darajagacha tushgan.
“Qorni sevuvchi turistlar va suratkashlar Targudant, Tinghir, Uarzazat, Figig va boshqa viloyatlardagi vohalar o‘rtasida joylashgan qorga burkangan xurmo bog‘larini tomosha qilish uchun keldi”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, mahalliy va xorijiy sayyohlar oqimi O‘rta Atlas tog‘larida ham kuzatilmoqda. Bu hududda qishki ob-havo va qorda dam olishni yoqtiruvchi turistlar orasida vulqon kraterida joylashgan Mishliffen chang‘i bazasi va Hibri tog‘i mashhur. Ifron va Azru kurort shaharchalaridagi mehmonxonalar to‘lib ketgan. Ularning atrofidagi kedr va qarag‘ay o‘rmonlari, toza havosi va tog‘ ko‘llari manzarasi o‘zining betakrorligi bilan tanilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Janubiy Afrikada ikki metrgacha qor yog‘gan edi va bu Afrika uchun ekstremal holat sifatida baholangan. Yoxannesburg va Durban kabi tekislik hududlarida (dengiz sathidan 100 metrgacha baland shaharlar) tungi minimum havo haroratlari 4-9 darajagacha pastlagan. Avtomagistral yo‘llar eng ko‘p qor bilan qoplangan, yo‘llar muzlagan.
LiveBarchasi