Markaziy Osiyodagi eng yirik oltin koni Qirg‘iziston mulkiga aylandi
Olam
−
29 iyul 2022
66093Bugun, 29 iyul kunidan boshlab "Qumtor" oltin koni Qirg‘iziston tasarrufiga o‘tdi. Bu haqda mamlakat Prezidenti Matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, bugun Qirg‘izistonning Buyuk Britaniyadagi elchixonasida “Qumtor” oltin koni Qirg‘iziston tasarrufiga o‘tganini tasdiqlovchi hujjatlar almashinuvi bo‘yicha tadbir bo‘lib o‘tgan.
Tadbirda Qirg‘izistonning Buyuk Britaniyadagi elchisi Ulan Jusupovga "Qumtor Gold Kompani" va "Qumtor Opereyting Kompani" kompaniyalarining 100 foiz aksiyalar paketi "Kirgizaltin" OAJga o‘tganini tasdiqlovchi hujjatlar paketi topshirilgan.
Qumtor konini o‘zlashtirish bilan 1990 yillar boshidan beri Kanadaning “Centerra Gold Inc” korporatsiyasi shug‘ullanib kelgandi. Bugun mazkur kompaniya barcha moliyaviy to‘lovlarni Qirg‘iziston foydasiga amalga oshirgan.
Erishilgan kelishuv quyidagi bandlarni o‘z ichiga oladi:
• “Qumtor” koni to‘liq Qirg‘izistonga tegishli bo‘ladi. Shu bilan birga, Qirg‘iziston 2021 yil 15 maydan boshlab kondan qazib olinadigan oltin egasi sifatida tan olinadi.
• “Centerra Gold Inc.” taxminan 11 million AQSH dollari miqdorida dividend to‘laydi.
• Qirg‘iziston tomoniga 50 million AQSH dollari miqdorida bir martalik to‘lov ham “Centerra Gold Inc.” bilan kelishilgan.
• “Qumtor” konining rekultivatsiya jamg‘armasini boshqarish Qirg‘izistonga o‘tkaziladi, uning miqdori taxminan 53 million AQSH dollarini tashkil etadi. Bu pul Qirg‘iziston banklaridan biridagi maxsus hisob raqamiga ham o‘tkaziladi.
• “Centerra Gold Inc.” Qirg‘iziston tomoniga qarshi boshlangan barcha sud jarayonlarini to‘xtatadi: AQSHda (27 iyulda to‘xtatilgan), Shvetsiya va Kanadada (da’volarni qaytarib olish to‘g‘risidagi xatlar 28 iyulda yuborilgan).
Ma’lumot uchun, Qirg‘iziston janubida joylashgan “Qumtor” koni oltin zahiralari bo‘yicha dunyoda uchinchi o‘rinda, Markaziy Osiyoda esa birinchi o‘rinda turadi. U yerdagi oltin zahiralari hajmi 700 tonnani tashkil qiladi.
Qumtor koni O‘rta Tyan-Shan tog‘ida, dengiz sathidan 4000 metr balandlikda, doimiy muzlik hududida joylashgan.
LiveBarchasi