Markaziy Osiyoda resurslar bo‘yicha mojarolar ehtimoli kuchaydi – KXSHT
Olam
−
28 mart
10422Markaziy Osiyo mamlakatlarida hudud va suv kabi resurslar uchun mojarolar yuzaga kelishi ehtimoli ortib bormoqda. Bu haqda Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti (KXSHT) Bosh kotibi Imangali Tasmagambetov “Milliy mudofaa” jurnali bosh muharriri Igor Korotchenkoga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
"Tahdidlar doirasi tez sur’atlar bilan kengayib bormoqda. Agar biz global miqyosdagi muammolarni suhbatimiz doirasidan tashqarida qoldirib, alohida mintaqaviy muammolarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, birinchi navbatda, resurslar ustidagi nizolar tahdidini ko‘rsatishimiz kerak. Bundan tashqari, hudud resurslar sifatida ham muhim rol o‘ynaydi”, deydi Tasmagambetov.
Bosh kotibning aytishicha, KXSHT aytib o‘tilgan tahdidlarni zararsizlantirish uchun real salohiyatga ega.
“Bundan tashqari, bu salohiyat kuchayadi va tashkilotning o‘zining Yevroosiyodagi jozibadorligi oshadi, deb ishonish uchun barcha asoslar bor”, deya qo‘shimcha qildi u.
Shuningdek, Bosh kotib axborot xavfsizligi muammosi KXSHT mas’uliyat sohasida o‘ziga xos o‘lchov olishiga e’tibor qaratdi.
“Ushbu sohada tartibga solishning yo‘qligi tashqi sub’ektlar tomonidan o‘z geosiyosiy manfaatlari yo‘lida jamoatchilik ongini keng ko‘lamli manipulyatsiya qilish xavfini tug‘diradi”, deydi Tasmagambetov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, KXSHT tahlilchilarining qayd etilgan tahdidlarni aniqlab, baholagani, shuningdek, a’zo davlatlarning hukumat darajasidagi yaqin o‘zaro hamkorligi tashkilot uzoq vaqtdan beri tegishli muammolarga yechim topish ustida ish olib borayotganidan dalolat beradi.
"Bundan tashqari, KXSHT tajribasi bizga ushbu tahdidlarni zararsizlantirish bo‘yicha uslubiy yondashuvlarni ishlab chiqish platformasini shakllantirish, shuningdek, mavjud qarama-qarshiliklarni abadiy yo‘q qiladigan muqobil resurs bazasini yaratish imkonini beradi. Bu yerda bir qancha yo‘nalishlar bor – siyosiy va diplomatik, jumladan, KXSHT Parlament Assambleyasi kabi muhim tuzilmaning ishi, axborot-tahliliy, vositachilik faoliyati va boshqalar", deya davom etdi tashkilot Bosh kotibi.
Ma’lumot uchun, hozirda KXSHTga Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya va Tojikiston kiradi.
Eslatib o‘tamiz, fevral oyida Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan mamlakat KXSHTdagi ishtirokini amalda muzlatib qo‘yganini aytgan edi. U KXSHT Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasidagi mojaroga munosabatini oydinlashtirmasa, Yerevan tashkilotni tark etishi haqida ogohlantirdi.
LiveBarchasi