Erondagi bulut sabab Markaziy Osiyoda kislotali yomg‘ir yog‘adimi?
Jamiyat
−
09 mart 9807 2 daqiqa
Ijtimoiy tarmoqlarda Eron hududida go‘yoki “kislotali bulutlar” shakllanib, ular yog‘inlar bilan Markaziy Osiyo davlatlari hududiga yetib kelishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalmoqda. Mazkur xabarlar yuzasidan O‘zgidromet munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, ushbu ma’lumotlar ilmiy jihatdan asoslanmagan. Kislotali yog‘inlar atmosferada oltingugurt oksidlari (SO₂) va azot oksidlari (NO₂) uzoq vaqt davomida to‘planib, bulutlarda suv bug‘i bilan kimyoviy reaksiyaga kirishishi natijasida hosil bo‘ladi. Bunday jarayonlar asosan yirik sanoat hududlari va to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqindi manbalari yaqinida kuzatiladi.
Havo massalari uzoq masofalarga ko‘chishi jarayonida ifloslantiruvchi moddalar konsentratsiyasi atmosferadagi turbulentlik, vertikal aralashish, quruq va nam cho‘kish jarayonlari ta’sirida keskin kamayadi. Shu sababli manbadan minglab kilometr uzoqlikda xavfli darajadagi kislotali yog‘inlar shakllanishi deyarli mumkin emas.
Bundan tashqari, yog‘inlarning hosil bo‘lishi mahalliy bulut hosil bo‘lish jarayonlari bilan bog‘liq bo‘lib, yog‘inlar asosan hudud ustidagi atmosferada mavjud bo‘lgan suv bug‘i va aerozollar hisobiga shakllanadi.
Meteorologik kuzatuvlar va atmosfera havosi sifati monitoringi ma’lumotlariga ko‘ra, kislotali bulutlarning O‘zbekiston va qo‘shni davlatlar hududiga ko‘chib kelishi xavfi kuzatilmayapti.
“Shu munosabat bilan ommaviy axborot vositalarida tasdiqlanmagan va yolg‘on ma’lumotlarni tarqatmaslikni hamda faqat rasmiy manbalarga tayanishni so‘raymiz. Shuningdek, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda yolg‘on yoki tasdiqlanmagan ma’lumotlarni tarqatish uchun amaldagi qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlik choralari mavjudligini eslatib o‘tamiz”, deyiladi xabarda.
Live
Barchasi