Markaziy Osiyo yetakchilari ham Trampni qutlashni boshladi
Olam
−
06 noyabr
3786Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov va Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Donald Trampni Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti etib saylangani bilan tabrikladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
“Sizning yetakchilik tajribangiz va chuqur bilimingiz Qirg‘iziston va Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘rtasida o‘zaro hurmat tamoyillariga asoslangan har tomonlama hamkorlikni yanada chuqurlashtirish uchun imkoniyatlar yaratadi, deb o‘ylayman”, deydi Japarov.
U birgalikdagi sa’y-harakatlar orqali yaqinlashib kelayotgan global muammolarni muvaffaqiyatli yengib, xalqlar farovonligi va kelajagi yo‘lida hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarishga ishonch bildirdi.
“Sizni ishontirib aytamanki, Qirg‘iziston Respublikasi va Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘rtasida keng imkoniyatlar ochadigan ko‘p vektorli hamkorlikni rivojlantirish uchun bor kuchimni ishga solaman. Sizga mustahkam sog‘liq, davlat faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar, Amerika Qo‘shma Shtatlari xalqiga tinchlik va farovonlik tilayman”, deyiladi Prezident Sadir Japarov tabrigida.
Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev ham Donald Trampni AQSH prezidentligiga saylovdagi g‘alabasi munosabati bilan tabrikladi. Davlat rahbari xavfsizlik, yadroviy qurollarni tarqatmaslik va sarmoya kiritish sohasidagi ikki tomonlama hamkorlik izchil rivojlanib borishiga ishonch bildirdi.
Qozog‘iston Prezidenti Donald Trampga Amerika xalqi farovonligi, global barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlash yo‘lida muvaffaqiyatli faoliyat olib borishini tiladi.
“Fox News” telekanali va “The Hill” gazetasining prognozlariga ko‘ra, 5 noyabr kuni AQSHda bo‘lib o‘tgan saylovlarda Tramp g‘alaba qozondi. Uning o‘zi allaqachon siyosiy g‘alabasini e’lon qilgan va o‘zini AQSHning 47-prezidenti deb atagan. Hukmron AQSH Demokratik partiyasidan Kamola Harris ishtirok etdi. U 2021 yil yanvaridan beri AQSH vitse-prezidenti lavozimida ishlab kelmoqda. Tramp Amerikaning 45-prezidenti edi. U 2020 yilgi saylovda demokrat Jo Baydenga yutqazdi. Tramp saylovoldi tashviqoti davomida Ukraina mojarosiga barham berish niyatida ekanligini ma’lum qildi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq NATO Bosh kotibi Mark Ryutte, Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu, Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron, Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi va boshqalar ham tabriklagandi.
LiveBarchasi