Markaziy Osiyo yerlarining 39 foizi qurg‘oqchilik holatida – BMT
Olam
−
14 noyabr 2023
4589Har yili havo haroratining isishi tufayli Markaziy Osiyoda uzoq muddatli qurg‘oqchiliklar ko‘payib bormoqda va bu katta iqtisodiy va ijtimoiy muammolarni keltirib chiqaradi. Bu haqda 13-17 noyabr kunlari Samarqandda bo‘lib o‘tayotgan BMTning cho‘llanishga qarshi kurash to‘g‘risidagi konvensiyasi ijrosini ko‘rib chiqish qo‘mitasining 21-sessiyasida aytildi.
Ushbu sessiyada Markaziy Osiyo aholisining qariyb 60 foizi to‘g‘ridan-to‘g‘ri asosiy daromad manbai sifatida qishloq xo‘jaligiga bog‘liqligi, shu sababli qurg‘oqchilik mintaqa aholisining aksariyat qismining iqtisodiy xavfsizligi va farovonligiga jiddiy tahdid solayotgani qayd etilgan.
Shuningdek, qurg‘oqchilikning ta’siri transchegaraviy ekanligi, shuning uchun ham qurg‘oqchilik xavfi va zaifligini kamaytirish bo‘yicha harakatlar mintaqaviy darajada muvofiqlashtirilishi zarurligi qayd etilgan.
BMT ma’lumotlariga ko‘ra, Markaziy Osiyoda 152,06 million gektar yoki 38,43 foiz yer maydoni qurg‘oqchilik holatida bo‘lib, shundan 1,33 foizi qattiq qurg‘oqchilik, 0,23 foizi esa o‘ta qurg‘oqchilik holatidadir.
Tahdid ko‘lamini tushunish uchun shuni ta’kidlash kerakki, bu hudud butun Fransiyadan deyarli uch baravar katta.
Tojikistonda butun mamlakat hududining 47 foizi, ya’ni 6,7 million gektar yer turli darajada qurg‘oqchilikka uchragan. Qirg‘izistonda bu ko‘rsatkich 42,4 foizni tashkil etadi.
Vaziyat quyi oqimdagi uchta davlatda yomonroq – O‘zbekistonda qurg‘oqchilik butun mamlakat hududining 89,5 foiziga, Turkmanistonda – 88 foiziga, Qozog‘istonda – 76 foiziga ta’sir qiladi.
Mutaxassislar Markaziy Osiyoning qurg‘oqchilikka moyilligi iqlim o‘zgarishi, Orol dengizining qurishi, aholi sonining ko‘payishi, yerlarning tanazzulga uchrashi, tabiiy resurslardan beqaror foydalanish va atrof-muhit muhofazasining samarasizligi bilan bog‘liqligini qayd etgan.
Biroq, Markaziy Osiyoda qurg‘oqchilik tez-tez sodir bo‘lishiga qaramay, bu holatlar rasmiy ravishda kamdan-kam qayd etiladi. Masalan, qurg‘oqchilik Markaziy Osiyoda ro‘yxatga olingan ofatlarning atigi 2-3 foizini tashkil qiladi.
Ammo qurg‘oqchilik oqibatida iqtisodiy yo‘qotishlar hajmi ham juda katta. Favqulodda vaziyatlar ma’lumotlar bazasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2000-2016 yillarda Markaziy Osiyoda qurg‘oqchilikdan ko‘rilgan iqtisodiy yo‘qotishlar 2 milliard dollardan oshgan, ularning aksariyati qishloq xo‘jaligi sohasiga to‘g‘ri kelgan. Bu salbiy jarayonni sekinlashtirishning yagona yo‘li mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashdir.
LiveBarchasi