Imomali Rahmon Markaziy Osiyoda yirik neftni qayta ishlash zavodi qurishni taklif qildi

Olam

image

Markaziy Osiyo mamlakatlari xavfsizlikning yangi tahdidlariga birgalikda qarshi turishi va mintaqaning energetik mustaqilligini mustahkamlashi zarur. Bu haqda bugun, 31 iyul kuni Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon Cho‘lponotada bo‘lib o‘tayotgan Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlarining norasmiy Maslahat uchrashuvi majlisida so‘z ochdi.

Imomali Rahmon chiqishining boshida Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarovga samimiy qabul va uchrashuvni o‘tkazish uchun qulay sharoit yaratilgani uchun minnatdorlik bildirgan.

U Tojikiston ko‘p tomonlama yondashuvlar asosida o‘zaro manfaatli mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishning izchil tarafdori bo‘lib qolishini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bugungi uchrashuv mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalarni birgalikda ilgari surish yo‘llarini muhokama qilish uchun yaxshi imkoniyat yaratadi.

Tojikiston Prezidenti dunyo murakkab davrni boshdan kechirayotganiga e’tibor qaratgan: geosiyosiy keskinlik kuchaymoqda, xalqaro munosabatlar arxitekturasi o‘zgarmoqda, xavfsizlikka yangi tahdidlar yuzaga kelmoqda, shuningdek, ijtimoiy-iqtisodiy xususiyatga ega global xavf-xatarlar va tahdidlar ortib bormoqda. Bunday sharoitda mintaqa davlatlarining salbiy hodisalarga samarali javob qaytarish va yuzaga kelayotgan muammolarga birgalikda yechim izlash qobiliyati alohida ahamiyat kasb etadi.

Shu bilan birga, Rahmonning fikricha, xalqaro maydonda Markaziy Osiyoga ortib borayotgan qiziqish savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, investitsiyalar va zamonaviy texnologiyalarni jalb qilish uchun yangi imkoniyatlar ochadi.

“Biz ushbu imkoniyatlardan xalqlarimiz manfaatlari yo‘lida maksimal darajada samarali foydalanishimiz, shu bilan birga mintaqaviy rivojlanishning dolzarb masalalarini ilgari surishda barcha tomonlar uchun maqbul bo‘lgan yondashuvlarni saqlab qolishimiz kerak”, deydi u.

Umumiy ustuvor yo‘nalishlar orasida Tojikiston Prezidenti transport koridorlari va logistikani rivojlantirishni tilga olgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, energetika, sanoat, raqamlashtirish va oziq-ovqat xavfsizligi masalalari ham doimiy e’tiborni talab qiladi.

Rahmon mintaqa mamlakatlari va xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik, o‘zaro tushunish va ishonchni mustahkamlashga xizmat qiluvchi madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirishni ham muhim yo‘nalish sifatida qayd etgan.

U, shuningdek, xavfsizlik sohasida, ayniqsa, an’anaviy va yangi tahdidlarga qarshi kurashish masalalarida yaqindan hamkorlik qilish va birgalikdagi sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirishni davom ettirish zarurligini ta’kidlagan.

Tojikiston Prezidentining so‘zlariga ko‘ra, oldingi sammitda davlat rahbarlari ushbu sifatlardagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni qabul qilishga alohida urg‘u bergan. U erishilgan kelishuvlarni amalda ro‘yobga chiqarish bo‘yicha birgalikdagi ishlarni davom ettirishga o‘z mamlakati tayyorligini tasdiqlagan.

Imomali Rahmon energetik xavfsizlik masalasiga alohida to‘xtalib, uni barqaror rivojlanishning asosiy omillaridan biri deb atagan.

U mintaqaviy va jahon energetika bozorlaridagi keskin vaziyat Markaziy Osiyo mamlakatlariga ham bevosita ta’sir ko‘rsatayotganini ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu mavzu mintaqa yetakchilarining oldingi uchrashuvlarida ham ko‘tarilgan va joriy voqelikni hisobga olgan holda birgalikda jiddiy muhokama qilishni talab etadi.

Aniq chora sifatida Tojikiston Prezidenti Markaziy Osiyoda yirik neftni qayta ishlash zavodi qurilishini ishlab chiqishni taklif qilgan.

“Tegishli idoralarimizga eng so‘nggi texnologiyalarni jalb qilgan holda mintaqada yirik neftni qayta ishlash zavodini qurish masalasini ishlab chiqishni topshirishni taklif qilaman”, deydi Rahmon.

Uning bildirishicha, bunday loyihani amalga oshirishda birinchi navbatda mintaqa mamlakatlarining neft mahsulotlarining kritik muhim turlariga bo‘lgan ichki ehtiyojlari hisobga olinishi kerak.

Yakunda Imomali Rahmon Markaziy Osiyoda qaror topgan o‘zaro ishonch, tushunish va qo‘llab-quvvatlash muhiti bundan buyon ham davlatlarning energetika hamda boshqa masalalar bo‘yicha o‘zaro manfaatli hamkorligini yanada mustahkamlash uchun ishonchli asos bo‘lib xizmat qilishiga ishonch bildirgan.

U, shuningdek, uchrashuv natijalari bundan buyon samarali hamkorlikka, mintaqaning ravnaqiga va undagi xalqlarning farovonligiga xizmat qilishiga umid bildirgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing