Markaziy Osiyo suv-energetika kompleksiga 400 mln dollar sarmoya kiritiladi

Olam

image

Yevroosiyo taraqqiyot banki yaqin uch yilda Markaziy Osiyo suv-energetika kompleksiga kamida 400 million dollar sarmoya kiritmoqchi. Bu haqda ushbu bank boshqaruvi raisi Nikolay Podguzov Nyu-Yorkdagi BMTning suv resurslari bo‘yicha konferensiyasida ma’lum qildi.

“Hozirgi o‘rta muddatli strategiyamizga ko‘ra, biz Markaziy Osiyo suv-energetika kompleksini bank faoliyatining asosiy ustuvor yo‘nalishlaridan biri deb bilamiz. Bank hisob-kitoblariga ko‘ra, ushbu sohadagi mavjud muammolarni muvaffaqiyatli hal etish mintaqaviy yalpi ichki mahsulot o‘sish sur’atlarini yiliga 1,5 foizga qo‘shimcha oshirishga olib kelishi mumkin. Sug‘orishning zamonaviy texnologiyalarini joriy etish va sug‘orish tizimlarini modernizatsiya qilish suvdan foydalanish samaradorligini 40 foizga oshiradi”, deydi Podguzov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Markaziy Osiyoda suv-energetika resurslaridan oqilona foydalanish va taqsimlash muammosi birgalikdagi harakatni talab qiladi. Shuningdek, u Markaziy Osiyoda suv-energetika resurslaridan yetarlilik va oqilona foydalanish masalalarini hal etishda ishtirok etishi lozim bo‘lgan ko‘p tomonlama taraqqiyot banklari va boshqa xalqaro moliya tashkilotlarining rolini ta’kidlab o‘tgan.

“Bu yerda qilinadigan ishlar ko‘p. Biz boshqa ko‘p tomonlama banklar, a’zo hukumatlar bilan hamkorlik qilishni intiqlik bilan kutamiz. O‘ylaymanki, bizning birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz Markaziy Osiyodagi uzoq muddatli suv muammolarini muvaffaqiyatli hal qiladi”, deya so‘zini yakunlagan Nikolay Podguzov.

Ma’lumot uchun, Birlashgan Millatlar Tashkilotining suv konferensiyasi BMT bosh qarorgohida 22-24 mart kunlari bo‘lib o‘tdi. Uning natijalariga ko‘ra, Qozog‘iston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston qo‘shma bayonot qabul qilish niyatini bildirgan. Konferensiyada bu boradagi hamkorlikning asosiy tamoyillari mustahkamlangan.

Hozirgi kunda bank tomonidan “Markaziy Osiyo suv-energetika majmuasi” investitsiya megaloyihasi amalga oshirilmoqda. 

Eslatib o‘tamiz, kecha, 23 mart kuni BMTning bosh qarorgohida Suv masalalariga bag‘ishlangan konferensiyaning yuqori darajadagi yalpi majlisida O‘zbekiston delegatsiyasi a’zosi, O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi Ijro etuvchi apparatining Kommunikatsiyalar va axborot siyosati bo‘yicha sho‘ba mudiri Saida Mirziyoyeva nutq so‘zlagan edi. U BMT minbarida Orol dengizi fojiasining oqibatlari, ularni yumshatish bo‘yicha O‘zbekiston tomonidan amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar va bu boradagi xalqaro sa’y-harakatlarni birlashtirishda O‘zbekistonning yetakchiligi xususida so‘z yuritgan.


Maqola muallifi

Teglar

suv Markaziy Osiyo energetika

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing