Markaziy Osiyo prezidentlari Ostonada uchrashadigan bo‘lyapti

Olam

image

Joriy yilning 9 avgust kuni Ostona shahrida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayevning matbuot xizmati mintaqa davlatlari xavfsizlik kengashlari kotiblari bilan uchrashuvi yakunlari bo‘yicha ma’lum qildi. 

Uchrashuv kecha, 16 may kuni bo‘lib o‘tgan. Unda Qozog‘iston Xavfsizlik kengashi kotibi Gizat Nurdauletov, Qirg‘iziston Xavfsizlik kengashi kotibi Marat Imanqulov, Tojikiston Xavfsizlik kengashi kotibi Nasrullo Mahmudzoda, O‘zbekiston Xavfsizlik kengashi kotibi Viktor Mahmudov va Turkmanistonning Qozog‘istondagi elchixonasi harbiy attashesi Annamirat Yag‘mirov ishtirok etdi.

Qozog‘iston Prezidenti 2024 yilda rais sifatida mamlakat sammit salohiyatini mustahkamlash bo‘yicha faol ish olib borayotganini aytgan. 

“Davlat rahbari bugungi uchrashuv 9 avgust kuni Ostona shahrida bo‘lib o‘tadigan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining oltinchi maslahat uchrashuviga tayyorgarlik ko‘rishning muhim bosqichi ekanini aytgan”, deyiladi xabarda.  

To‘qayev Qozog‘iston “Markaziy Osiyo – 2040” mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqqanini urg‘ulagan. Hujjat mintaqaviy yaqinlashuvning ustuvor yo‘nalishlari, birinchi navbatda, besh tomonlama hamkorlikni kengaytirish va Markaziy Osiyoning xalqaro sub’ektivligini mustahkamlashga qaratilgan. 

“Ishonchim komilki, Ostonadagi sammit davomida ushbu hujjatning qabul qilinishi mintaqa uchun konseptual ahamiyatga ega bo‘ladi. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarning o‘ziga xos xususiyati XXI asrda Markaziy Osiyoni rivojlantirish bo‘yicha Do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnomada mustahkamlab qo‘yilgan. Bu strategik hamkorlikni keyingi bosqichga olib chiqadi. O‘ylaymanki, Ostonadagi sammitning asosiy natijalaridan biri bu barchamiz uchun tarixiy kelishuvni imzolash tartib-taomilining yakunlanishi va uning kuchga kirishi bo‘lishi mumkin. Besh tomonlama formatimizni yanada institutsional takomillashtirish dolzarbligicha qolmoqda”, degan To‘qayev. 

Eslatib o‘tamiz, Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchilarining so‘nggi maslahat uchrashuvi o‘tgan yilning 14 sentyabr kuni Tojikistonning Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tgan edi. Unda mehmon sifatida Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev ham qatnashgan. 


Maqola muallifi

Teglar

Markaziy Osiyo

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing