Markaziy Osiyo Prezidentlari Germaniyaga otlanyapti. Sabab nima?

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilning sentyabr oyi oxirida Germaniya Federativ Respublikasiga tashrif buyuradi. Berlinga, shuningdek, Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari rahbarlari – Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston rahbari Imomali Rahmon va Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov ham tashrif buyuradi. Bu haqda Germaniya hukumatining rasmiy vakili Shteffen Xebeshtrayt jurnalistlarga brifingda ma’lum qildi. 

Germaniya kansleri Olaf Shols 28 sentyabr kuni Berlinda Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev muzokaralar o‘tkazadi. Muhim mavzular qatorida Ukrainadagi mojaro oqibatlari ham bor. 

“E’tibor ikki tomonlama iqtisodiy hamkorlik masalalariga, jumladan, energetika va iqlimni muhofaza qilish sohasidagi hamkorlikka, shuningdek, albatta, Rossiyaning Ukrainaga qarshi bosqinchilik urushi va uning oqibatlariga qaratiladi”, deydi Shteffen Xebeshtrayt. 

Muzokaralar yakunida qo‘shma matbuot anjumani o‘tkazilishi rejalashtirilgan. 

Muzokaralardan so‘ng Shols va To‘qayev Yevropa menejment va texnologiyalar maktabi tomonidan tashkil etiladigan “Berlin Global dialogi” konferensiyasida ishtirok etadi. Unda jahon hamjamiyati oldida turgan dolzarb muammolar muhokama qilinadi. Ishtirokchilar orasida Germaniya kansleri va Qozog‘iston Prezidentidan tashqari Yevropa kengashi rahbari Sharl Mishel va Belgiya Bosh vaziri Aleksandr De Kroo ham bor. 

29 sentyabr kuni Shols o‘z qarorgohida Markaziy Osiyoning beshta davlati – Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston Prezidentlarini qabul qiladi. 

“Markaziy Osiyoning beshta davlati rahbarlari kanslerning taklifiga binoan ilk bor Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlardan biri bilan fikr almashish uchun yig‘ilishadi”, deydi Shteffen Xebeshtrayt.  

Uning qayd etishicha, asosiy e’tibor mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashga qaratiladi.

Eslatib o‘tamiz, 19 sentyabr kuni Nyu-Yorkda Markaziy Osiyo mamlakatlari va Amerika Qo‘shma Shtatlari yetakchilarining “C5+1” formatidagi birinchi sammiti bo‘lib o‘tdi. Unda AQSH, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston Prezidentlari qatnashgandi. Sammitdan so‘ng “Forbes” nashri AQSH Prezidenti Jo Baydenning yangi geostrategik tashabbusida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev muhim rol o‘ynashini yozgan.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston-Germaniya Shavkat Mirziyoev Olaf Shol'ts

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing