Markaziy Osiyo Prezidentlarining bolalari nima ish qiladi?
Tahlil
−
16 avgust 36471 9 daqiqa
Markaziy Osiyo yetakchilarining farzandlari qanday faoliyat bilan shug‘ullanishi, qaysi lavozimda ish yuritishi haqida bilasizmi? Sobiq prezidentlarning farzandlarini-chi? QALAMPIR.UZ ana shu ma’lumotlarni bir joyga jamladi.
Tojikiston
Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmonning to‘ng‘ich qizi Ozoda Rahmon hozirda Tojikiston Prezidenti ijroiya apparati rahbari lavozimini egallab turibdi. U siyosiy faoliyatini 2005 yilda, 27 yoshida boshlagan. Uning birinchi ish joyi Respublikaning AQSHdagi elchixonasi bo‘lib, u yerda 2007 yilda madaniyat va ta’lim bo‘yicha attashe bo‘lib ishlagan. 2007 yildan 2009 yilgacha u Tashqi ishlar vazirligi konsullik boshqarmasi boshlig‘i bo‘lgan va birozdan keyin u ko‘tarilib, Tojikiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari bo‘lgan.

2014 yilda u tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari etib tayinlangan. 2016 yildan esa Tojikiston Prezidentining farmoni bilan u Prezidentning ijro apparatini boshqarib kelmoqda. O‘sha yili Ozoda Rahmon Dushanbedan Tojikiston senatori etib saylandi va parlament yuqori palatasi huquq qo‘mitasiga rahbarlik qildi. 2017 yilda ham Prezident farmoni bilan Ozoda Rahmon davlat adliya maslahatchisi unvonini oldi.
Rahmonning yana bir qizi Ruhshona Imomali opasidan ortda qolmay, 2021 yilning dekabr oyida Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligiga elchi etib tayinlangan edi. Ungacha u mamlakat Tashqi ishlar vazirligida xalqaro tashkilotlar departamenti boshlig‘i o‘rinbosari lavozimida ishlagan.

Tojikiston Prezidentining kenja qizi Farzona Imomali mamlakat Sog‘liqni saqlash va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining islohotlar, birinchi tibbiy yordam va xalqaro aloqalar boshqarmasi boshlig‘i. U ushbu lavozimga 2025 yilning 13 avgust kuni tayinlandi.

U tayinlovga qadar 2021 yildan buyon Sog‘liqni saqlash vazirligining islohotlar, birlamchi tibbiy yordam va xalqaro aloqalar boshqarmasi mutaxassisi lavozimida ishlab kelayotgan edi.
Prezident Imomali Rahmonning kenja qizi Farzona Imomali 1998 yilning 4 iyulida Dushanbe shahrida tug‘ilgan. U o‘rta maktabni tamomlab, Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti litseyining Dushanbe shahridagi filialiga o‘qishga kirgan va uni 2014 yilda a’lo baholarga tamomlagan.
O‘sha yili Abu Ali ibn Sino nomidagi Tojikiston davlat tibbiyot universitetining davolash fakultetiga o‘qishga kirib, uni 2020 yilda imtiyozli diplom bilan tamomlagan. 2022 yilda pediatriya yo‘nalishi bo‘yicha klinik ordinaturani, 2023 yilda esa Tojikiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasining Davlat boshqaruvi fakultetini imtiyozli diplom bilan tamomlagan. Tojikiston Xalq demokratik partiyasi a’zosi.

Rahmonning o‘g‘li ham bor. Uning ismi Rustam Imomali. 38 yoshni to‘ldirayotgan Rustam Imomali Tojikiston rahbari sifatida otasi tomonidan tayyorlanayotganiga ishoniladi. U Tojikistondagi Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi va davlatning moliyaviy nazorat agentligini boshqaradi. Rustam Imomali general-mayor unvoniga ega. U 2017 yilda 29 yoshida otasi tomonidan Dushanbe shahri hokimi etib tayinlangan edi, bu ba’zi tahlilchilar tomonidan hukumat tepasiga keyingi qadam sifatida qaralmoqda.
Qozog‘iston
Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev bo‘lib, u hokimiyat tepasiga kelganidan buyon oila a’zolarini ommaga tanishtirmagan yoki ular bilan ko‘rinish bermaydi. Ochiq manbalarda uning Temur To‘qayev ismli 41 yoshli o‘g‘li borligi aytiladi. U keyinchalik familiyasini Kemelga o‘zgartirgan. U 2009 yilda Tashqi ishlar vazirligi akademiyasida “Qozog‘iston Respublikasining G‘arbga nisbatan strategiyasi” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan. Siyosiy fanlar nomzodi. U biznes bilan shug‘ullanadi va neft sohasida yirik tadbirkordir. Bobosi Kemel To‘qayev nomidagi xayriya jamg‘armasiga ham rahbarlik qiladi.

Temur To‘qayev 20 yildan ortiq Jenevada yashab, Shveysariya fuqaroligini olgan. U Britaniya Virjiniya orollari va Buyuk Britaniyadagi ofshor kompaniyalari orqali katta oilaviy aktivlarni boshqargan va ko‘pincha To‘qayevlar oilasining xorijdagi biznes manfaatlarining ko‘zga ko‘rinadigan yuzi sifatida harakat qilgan. Uning biznesdagi yuksalishi ko‘pincha otasining siyosiy ta’siri bilan bog‘liq bo‘lib, potensial manfaatlar to‘qnashuvi va Qozog‘iston siyosiy va biznes elitasining kesishishi ustidan nazoratni kuchaytirgani aytiladi.
Qirg‘iziston

Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarovning 3 farzandi bor. Uning to‘ng‘ich o‘g‘li Doston Japarov 2019 yilda yo‘l-transport hodisasida vafot etgan. Ikkinchi farzandi Rustam Japarov Issiqko‘lda Markaziy Osiyodagi eng yirik golf maydonini qurmoqda. U respublikaning barcha qishloqlarida futbol maydonchalarini birgalikda qurish loyihasiga ham rahbarlik qilmoqda. Keyingi farzandlari – Nurdavlat va Janaym bo‘lib, ularning ikkalasi ham Turkiyada tahsil oladi. Sadir Japarov uning farzandlari va boshqa qarindoshlari davlatning siyosiy ishlariga aralashmasligini ko‘p bora aytadi.
Turkmaniston
Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovning ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, to‘rt farzandi – bir o‘g‘il va uch qizi bor. Turmush o‘rtog‘ining ismi va tarjimai holi haqida hech narsa ma’lum emas, lekin onasi singari uning xotinining ismi ham Ogulgerek, degan mish-mishlar mavjud. Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, Gurbanguli Berdimuhamedovning sevimli nevaralaridan biri, bobosi bilan omma oldida tez-tez paydo bo‘ladigan Kerimguli (2002 yilda tug‘ilgan) Serdar Berdimuhamedovning o‘g‘lidir. Boshqa ma’lumotlarga ko‘ra, Kerimguli Serdar Berdimuhamedovning singlisi va “Arqadag‘”ning qizi – Guljahonning o‘g‘li. Ma’lumki, Serdar Berdimuhamedovning uch qizidan ikkitasining ismi O‘g‘ulbabek (2004 yilda tug‘ilgan) va Oygul (2008 yilda tug‘ilgan) bo‘lishi mumkin.

Prezident oilasining shaxsiy hayoti ochiqlanmaydi va har tomonlama yashirin. Turkman muxolifat matbuoti Serdar Berdimuhamedov Shveysariyaning Jeneva shahrida ishlagan vaqtida uning uch nafar farzandi (xabar qilinishicha, bular Kerimguli, O‘g‘ulbabek va Oygul) nufuzli va qimmat Ecolint xalqaro maktabida tahsil olganini aniqlashga muvaffaq bo‘lgan. 2020 yilda ushbu muassasada bir yillik o‘qish narxi deyarli 35 ming Shveysariya franki yoki taxminan 36 ming AQSH dollarini tashkil etgan. Qo‘shimcha 7 ming dollar – ro‘yxatdan o‘tish to‘lovi va har xil badallar va xarajatlarni o‘z ichiga olgan. Bu maktab ma’lumotlarining ochiqligi tufayli Kerimguli 2021 yilda, O‘g‘ulbabek 2023 yilda, Oygul esa 2027 yilda bitirishi kutilayotgani ma’lum qilingandi. Biroq turkman muxolifati matbuoti ularning hech biri bu maktabni tamomlamagani, otasi bilan Turkmanistonga qaytib kelganini aytgan.
O‘zbekiston
Prezident Shavkat Mirziyoyevning to‘ng‘ich qizi Saida Mirziyoyeva 2025 yilning iyun oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari lavozimiga tayinlangan. Saida Mirziyoyeva 1984 yil 4 noyabrda Qo‘qonda tug‘ilgan. U Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti bitiruvchisi, Toshkent davlat yuridik universiteti, Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti magistri bo‘lgan.

Mirziyoyeva 2019-2020 yillarda Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktorining o‘rinbosari bo‘lib ishlagan. 2020 yildan esa Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish fondi vasiylik kengashi raisining o‘rinbosari lavozimida faoliyatini boshlagan. Shuningdek, u 2019 yildan buyon Gender tengligi bo‘yicha komissiya a’zosi hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning kenja qizi Shahnoza Mirziyoyeva 2024 yilning avgust oyida O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimiga saylangan. Shahnoza Mirziyoyeva hozirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari lavozimida ham faoliyat yuritib kelmoqda.

2017 yil dekabrdan 2019 yil avgustgacha Shahnoza Mirziyoyeva Maktabgacha ta’lim vazirligi (hozirgi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi)ning Maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish, tahlil qilish va strategik rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan. 2023 yilning iyun oyida Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlangandi.
Sobiq davlat yetakchilarining farzandlari
Qozog‘iston
Qozog‘istonning sobiq rahbari Nursulton Nazarboyevning farzandlari orasida uning to‘ng‘ich qizi Darig‘a o‘zining siyosiy faoliyati bilan mashhur, u faoliyati davomida 3 marta parlament deputati bo‘lgan. Birinchi marta 2004 yilda “Asar” Respublika partiyasi ro‘yxatiga kiritilgan.
Darig‘a Nazarboyeva o‘shanda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish masalalari bilan shug‘ullangan, ijtimoiy-madaniy rivojlanish qo‘mitasini boshqargan va parlamentdagi partiya fraksiyasi rahbari bo‘lgan.

2015-2016 yillarda u bosh vazir o‘rinbosari bo‘lgan, shuningdek, ijtimoiy blokni ham boshqargan. Shundan so‘ng Darig‘a parlamentning yuqori palatasiga ishga o‘tdi va u yerda xalqaro munosabatlar, mudofaa va xavfsizlik masalalari bilan shug‘ullandi.
2016 yilning sentyabr oyidan beri Darig‘a Qozog‘iston parlamenti Senati a’zosi, 2019 yilning martidan esa Senat raisi (spikeri) lavozimini egallab kelgan. Nazarboyevning to‘ng‘ich qizi 2020 yilda Qozog‘istonning yangi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev farmoni bilan bu lavozimni tark etgan edi.
2022 yilning fevralida esa Darig‘a Qozog‘iston parlamenti majlisi deputatligidan ketishga qaror qildi. 2021 yilning yanvar oyidan buyon VII chaqiriq deputati, Iqtisodiy islohotlar va mintaqaviy rivojlanish qo‘mitasi a’zosi bo‘lgan.
Hozirda Darig‘a Nazarboyeva jamoat faoliyati bilan shug‘ullanadi, Nursulton Nazarboyev jamg‘armasiga rahbarlik qiladi, shuningdek, “Qozog‘iston ayollar kuchlari ittifoqi” ayollar kuchlari uyushmasi vasiylik kengashi raisi hisoblanadi.
Qirg‘iziston
Qirg‘izistonning sobiq prezidenti Askar Akayevning to‘ng‘ich qizi Bermet Akayeva bo‘lib, u 2005 yil inqilobidan keyin korporativ reydlar, korrupsiya va firibgarlikda sirtdan ayblangan Qozog‘iston fuqarosi Adil Toygonbayev bilan turmush qurgan.

2017 yilda poytaxtning Pervomay tuman sudi Toygonbayevga mol-mulki musodara qilingan holda 20 yilga ozodlikdan mahrum qilish va 20 ming som jarima jazosini bergan. Shuningdek, sud Toygonboyevdan “Manas” xalqaro aeroporti OAJ foydasiga 677 million som undirgan.
Hozirda Bermet Akayeva xorijda yashaydi. 2017 yilda u otasi bilan Qirg‘iziston kelajagi haqida kitob yozgan.
Turkmaniston
Turkman xalqining milliy yetakchisi, Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedovning to‘ng‘ich qizi O‘g‘uljahan Gurbanguliyevna Otaboyeva turmush o‘rtog‘i Dovlet Otabayev bilan Buyuk Britaniyada yashagan. Dovlet Otabayev Turkmanistonning Londondagi elchixonasida maslahatchi bo‘lib ishlagan.
Ular Londonda jamoatchilik e’tiboridan yiroqda tinch hayot kechirardi. 2019 yilda londonlik velosportchi Ataboyevni mashina haydab ketayotib, telefonidan foydalanayotganini videoga olib, uni tanqid qilganidan so‘ng, er-xotin e’tibor markaziga tushgan.

Juftlik Turkmanistonga qaytgach, Otaboyev rasman Davlat qurilish qo‘mitasi rahbari maslahatchisi sifatida qayd etilgan. U Arkadag‘ shahridagi tibbiyot muassasalarini nazorat qiladi. Arkadag‘ muhim loyiha bo‘lib, Berdimuhamedovlar oilasi unda faol ishtirok etmoqda.
O‘g‘uljahan Otabayeva esa 2024 yil dekabrda Gurbanguli Berdimuhamedov nomidagi Homiylikka muhtoj bolalarga ko‘maklashish xayriya jamg‘armasining Tibbiy faoliyat bo‘yicha vitse-prezidenti lavozimiga tayinlandi.
O‘zbekiston
Diplomat, professor, shoira, dizayner, xonanda, tadbirkor, mediamagnat. Birinchi Prezident Islom Karimovning qizi Gulnora Karimova qisqa vaqt ichida ko‘plab statuslar olgan, o‘nlab sohalarga qo‘l urgan, ammo hech biri Gulnoraga O‘zbekiston Birinchi Prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi, deya tilga olinadigan maqomni bera olmaydi. Gulnora Karimova 2004 yildan qamalgunga qadar nafaqat mamlakatda, balki xorijda ham katta obro‘-e’tiborga, mavqega ega bo‘lgan. Karimova qo‘l urmagan soha, boshchilik qilmagan loyihalar kamdan kam uchrardi. Xayriya deysizmi, yoshlarga oid davlat siyosatini yuritishmi yoki media sohasimi, xullas, hech biri uni chetlab o‘tmagan. Uning qanday faoliyat bilan shug‘ullangani va ayni paytda qayerda ekani haqida mana bu yerda tanishishingiz mumkin.
Oilaning kenjasi Lola Karimova-Tillyayeva esa otasining vafotidan so‘ng, turmush o‘rtog‘i Timur Tillyayev va farzandlari bilan AQSHga ko‘chib o‘tgan. U masofadan turib, Islom Karimov nomidagi Respublika xayriya jamoat fondini boshqarib keladi. Lola Karimova AQSHda "The Harmonist" attorlik buyumlari brendiga asos solgan.
Islom Karimovning bevasi Tatyana Karimova esa Toshkentda istiqomat qilmoqda. U Islom Karimov xotirasini abadiylashtirish va Karimov nomidagi Respublika jamoat fondi faoliyatini yuritishda bosh-qosh.
Live
Barchasi