Markaziy Osiyo chegaralaridagi “olov” o‘chirilmoqda
Tahlil
−
31 mart
5711O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 31 mart kuni amaliy tashrif bilan Xo‘jand shahriga bordi. Aeroportda davlat rahbarini Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon tantanali tarzda kutib oldi.
Kun tartibidan esa bir qator tarixiy masalalar o‘rin olgandi. Xususan, Xo‘jandda Tojikiston bilan uzoq yillik ziddiyatlarga barham bergan Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov bo‘ldi.
Mirziyoyev, dastlab, Imomali Rahmon bilan uchrashuv o‘tkazib, unda oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish, ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish muhokama qilindi. Mintaqa ichidagi eng muhim qadamlar biri tashlanib, O‘zbekiston bilan Tojikiston o‘rtasida Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnoma ham kuchga kirdi. 31 mart kuni ikki davlat o‘rtasidagi muzokaralar yakunida Shavkat Mirziyoyev va Imomali Rahmon huzurida tashqi siyosat idoralari rahbarlari O‘zbekiston bilan Tojikiston o‘rtasida Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomaning kuchga kirishi haqidagi bayonnomani imzoladilar va ratifikatsiya yorliqlarini almashdi va shu kundan e’tiboran bu hujjat kuchga kirdi. Ma’lumot o‘rnida, mazkur shartnoma o‘tgan yili 18 aprel kuni Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi ikki tomonlama sammitda imzolangan edi.
Shundan so‘ng, Xo‘jand shahrida Mirziyoyev, Rahmon va Japarov o‘rtasida uchrashuv boshlandi. Qo‘shni davlatlar o‘rtasidagi mazkur uch tomonlama uchrashuv yakunida O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston davlat chegaralarining tutash nuqtasi to‘g‘risidagi tarixiy shartnoma imzolandi hamda davlat rahbarlarining Qo‘shma deklaratsiyasi qabul qilindi.
Imomali Rahmon Tojikiston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasida uch davlat chegaralarining tutash nuqtasi to‘g‘risidagi shartnoma imzolanganini “juda muhim voqea”, deb baholagan. Prezident Mirziyoyev Tojikiston va Qirg‘iziston tomonlarini barcha masalalar uzil-kesil hal etilgani hamda Davlat chegarasini delimitatsiya qilish to‘g‘risidagi shartnoma imzolangani bilan samimiy tabrikladi.
Ochig‘ini aytganda, mazkur uchrashuvlar ramziy ma’nolarga boy bo‘ldi. Birinchi navbatda bu muzokaralar mazkur uch qo‘shni mamlakatni bog‘lab turuvchi Xo‘jand shahrida o‘tkazilgani buning dalilidir. Bundan tashqari, Xojandda o‘tgan oliy darajadagi tadbirlar dasturiga muvofiq Shavkat Mirziyoyev, Imomali Rahmon va Sadir Japarov uch mamlakat davlat chegaralari tutashgan hududda Do‘stlik stelasini tantanali ravishda ochishdi.
Uch mamlakat Bosh vazirlari o‘rinbosarlari videoaloqa orqali davlat rahbarlariga qurilish ishlari yakunlangani va ob’ekt tayyorligi to‘g‘risida axborot berdi. Marosim chog‘ida davlat rahbarlari bir vaqtning o‘zida maxsus stendga o‘rnatilgan tugmani bosdi. Uch mamlakat Bosh vazirlari o‘rinbosarlari tasmani kesib, stelani rasman ochdi.
LiveBarchasi
Trenddagilar



