Markaziy Osiyo burilish davrini boshdan kechirmoqda – To‘qayev

Olam

image

Markaziy Osiyo o‘z tarixida burilish davrini boshdan kechirmoqda, siyosiy va iqtisodiy aloqalar sezilarli darajada faollashgan. Bu haqda Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Qatar maslahat kengashi a’zolari oldidagi nutqida aytib o‘tdi. 

“Biz qadim zamonlardan sivilizatsiyalar rivojida muhim rol o‘ynagan, ayni paytda bugun va kelajakda o‘ziga xos imkoniyatlarni ochib beradigan mintaqa – Markaziy Osiyoning yangi qiyofasini shakllantirmoqdamiz. Shu nuqtai nazardan, biz Qatar bilan to‘liq hamkorlikka katta ahamiyat beramiz. Qozog‘iston bu yo‘lda bor kuch-g‘ayratini ishga solishga tayyor”, deydi To‘qayev.

Shuningdek, u o‘tgan yili Jidda shahrida bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo + Fors ko‘rfazi hamkorlik kengashi”ning birinchi sammiti mintaqalararo hamkorlikni rivojlantirganini qayd etgan.

“Ishonchim komilki, mazkur sammit yakunlari siyosiy, iqtisodiy, madaniy-gumanitar aloqalarni yanada rivojlantirish, mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash, xalqlar o‘rtasidagi munosabatlarni va jahon miqyosida barqaror rivojlanish yo‘lidagi sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi”, deydi Prezident.

To‘qayevning aytishicha, Qozog‘iston Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga rais sifatida kuzatuvchilar va muloqot bo‘yicha hamkorlar, jumladan Qatar bilan hamkorlikni faollashtirishni rejalashtirmoqda.

Ma’lumot uchun, Qosim-Jomart To‘qayev 13 fevral kuni Qatarga yetib borgan, uni Dohadagi “Hamad” xalqaro aeroportida Qatar Amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy kutib olgan. 14 fevral kuni Qosim-Jomart To‘qayev Qatar Amirining “Divon Amiriy” saroyiga bordi. U yerda yetakchilarning tantanali uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. To‘qayev Qozog‘iston va Qatar o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarishni taklif qildi. Shuningdek, Qozog‘iston Prezidenti va Qatar Davlati Amiri o‘rtasidagi muzokaralar yakunlari bo‘yicha qator hujjatlar imzolandi.

Eslatib o‘tamiz, tashrif davomida To‘qayevga Qatar davlati asoschisi shayx Josim bin Muhammad bin Soniyning qilichi topshirilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Markaziy Osiyo Qosim-Jomart To'qaev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing