Markaziy bank kapitalini 1 trillion so‘mgacha oshiradi
Jamiyat
−
04 Oktabr 2019
3286Shu kunlarda joylarda senatorlar, mahalliy hokimiyat vakillari, nodavlat notijorat tashkilotlari ekspertlari va keng jamoatchilik ishtirokida o‘tkazilayotgan tadbirlarda ham shu haqida so‘z yuritilmoqda. Oliy Majlis Senatining navbatdagi yalpi majlisi kun tartibiga kiritilayotgan, Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan qonunlarning qizg‘in muhokamasiga bag‘ishlangan mazkur anjumanlarda O‘zbekiston hayotining muhim sohalaridagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan hujjatlar bo‘yicha turli taklif va fikr-mulohazalar bildirilmoqda.
Navoiy shahrida bo‘lib o‘tgan tadbirda “Valyutani tartibga solish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi, “O‘zbekiston Respublikasining Markaziy Banki to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi, “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi va “Kreditorlarni huquqiy jihatdan himoya qilish kuchaytirilishi hamda tadbirkorlik faoliyatini moliyalashtirish mexanizmlari takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari muhokama qilindi.
Tadbirda “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi Qonun haqida so‘z yuritilar ekan, hujjat 12 bob va 83 ta moddadan iborat ekani qayd etildi.
Yangi Qonunga ko‘ra bank faoliyati bilan shug‘ullanish uchun banklarning ustav kapitali eng kam miqdori 100 milliard so‘m miqdorida belgilangan.
Hujjatga muvofiq bank tuzish uchun dastlabki ruxsatnoma berish, investorlar tomonidan Markaziy bank roziligisiz banklar aksiyalarini sotib olish tartibi takomillashtirilmoqda. Shuningdek, korrupsiyaning oldini olish va manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik, bank xodimlarining odob qoidalariga rioya qilishini ta’minlash bo‘yicha choralar ham ko‘zda tutilgan.
“O‘zbekiston Respublikasining Markaziy Banki to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi Қонун 11 ta bob va 72 ta moddadan iborat bo‘lib, unda Markaziy bank vakolatlari tartibga solinmoqda. Ushbu moliya muassasasi ustav kapitalini amaldagi 2 milliard so‘mdan 1 trillion so‘mgacha oshirish nazarda tutilgan. Qonun bilan audit o‘tkazish tartibi takomiliga yetkazilmoqda. Xususan, Markaziy bank faoliyatining ichki va tashqi auditini o‘tkazish belgilanyapti.
Unga ko‘ra, ichki audit tegishli xizmat tomonidan yiliga kamida bir marotaba, tashqi audit esa har yili mustaqil auditorlik tashkilotlari tomonidan xalqaro standartlarga muvofiq amalga oshiriladi.
Namangan viloyatida esa “Mudofaa to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni mahalliy Kengashlar deputatlari, keng jamoatchilik vakillari ishtirokida muhokama etildi. Ta’kidlanganidek, Qonun bilan mudofaa sohasidagi davlat siyosatining asosiy maqsadlari belgilanmoqda. O‘zbekiston mustaqilligi, hududiy yaxlitligi va konstitutsion tuzumini himoya qilish, davlatning harbiy xavfsizligini ta’minlash, xalqaro va mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash kabilar shular jumlasidan.
Shuningdek, mudofaa sohasida davlat siyosatining o‘z xavfsizligini boshqa davlatlar xavfsizligi hisobiga mustahkamlashga yo‘l qo‘yilmasligi kabi yangi tamoyillari kiritilmoqda
Anjumanlarda ekspertlar ta’kidlaganidek, jamiyat taraqqiyoti yangi qonunlar qabul qilinishini talab qiladi. Shu jihatdan qonun ijodkorligi jarayonining yanada jadallashgani respublikaning demokratik rivojlanish yo‘lidan dadil odimlayotganidan darak beradi.
Joylarda Qonunchilik palatasidan Oliy Majlis Senatiga kelib tushgan yangi qonunlar muhokamasi davom etmoqda.